Suriya Tashqi ishlar vazirligi AQSh birlashgan harbiy shtabi boshlig'i, bosh harbiy Mark Milli mamlakat shimoli-sharqida kurdlar egallab olgan bazaga borganini qoralamoqda.
Milli tashrif buyurgan hudud Suriya demokratik kuchlari deb nomlangan tashkilot nazoratida. Bu guruh kurd jangarilaridan iborat.
Bu yerda Amerika qariyb 9000 qo'shinga ega. Ular "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi kurashish uchun safarbar etilgan.
Damashq nazarida Amerika generali va uning armiyasi Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzib, uning yerida xalqaro qonunlarga zid ravishda amaliyotlar olib bormoqda.
Prezident Bashar al-Assad AQSh qo'shinlarining hududda bo'lishiga azaldan qarshilik bildirib keladi va Vashingtonni kurd separatistlarini quvvatlayotganlikda ayblab keladi.
Kurdlar esa separatist emasligini ta'kidlab, maqsadi o'zini boshqarish huquqini qo'lga kiritish ekanini aytadi. Suriya hukumati ularga avtonomiya bermoqchi emas.
Milli mintaqaga bugungi vaziyat va harbiylarning ahvoli bilan tanishish uchun borgan.
General "Islomiy davlat"ning hozirgi faoliyati haqida hisobot olgan.
Al-Hol qochqinlar lagerini kezib, u yerdagi 5000 dan ziyod ajnabiyning holatiga nazar tashlagan. Ular orasida, deydi rasmiylar, terroristlarning oila a'zolari ham bor. Biror mamlakat hozirgacha ularni qabul qilishni istamagan.
"Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiyaga AQSh boshchilik qiladi. Milli unga 2019-yildan beri qo'mondon.
Suriya demokratik kuchlariga ko'ra, mintaqa hozir ancha tinch va terroristlar sezilarli darajada passivlashgan.
"Islomiy davlat"ning lideri Abu Bakr al-Bag'dodiy 2019-yilda AQSh tomonidan o'ldirilgan.
Shu yilning 19-fevralida koalitsiya kurdlar bilan hamkorlika mahalliy terrorchilarning yetakchisini qo'lga olgan.
Birgalikda tez-tez amaliyotlar olib boriladi.