Assad yangi konstitutsiyani xalq hukmiga havola etadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Bashar al-Assad Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Tashqi razvedka boshlig'i Mixail Fradkovni qarshi olmoqda, Damashq, 7-fevral 2012-yil

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Tashqi razvedka boshlig'i Mixail Fradkov bugun Suriyaga safar qilib, prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishgan.

Rossiya arab xalqi tinch-totuv yashashini istaydi, deydi vazir. Lavrovning aytishicha, Assad yaqinda yangi konstitutsiya loyihasini referendumga, xalq hukmniga havola etmoqchi.

Maqsad xalqning yurt hayotida faolroq qatnashishini ta'minlash, deydi u.

Diplomat ta'kidiga ko'ra, Assad Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyada ishlashi, missiya kengayishi va muxolifat bilan muzokara tarafdori.

Isyonchilar internetga joylayotgan tasvirlar

Lekin Liga va Rossiya qanchalik urinmasin, qo'zg'olonchilar Assad 11 oydan beri bizni ezayapti deb hukumat bilan gaplashib o'tirmoqchi emas.

Uchrashuv G’arb va arab davlatlari Suriyadagi zo’ravonlikni tanqid qilib, Assadga bosimni oshirayotgan pallaga to’g’ri keldi.

BMT Xavfsizlik Kengashida o’tgan hafta Suriyadagi zo’ravonlikka doir hujjat ovozga qo’yilgan, Rossiya va Xitoy veto qo’ygan edi. Rasmiy Pekin mintaqaga vakil jo’natib, ziddiyatni hal qilishga yordam bermoqchi.

Turkiya ham Suriya xalqiga yordam qo’lini cho’zish, Assad ma’muriyati bilan muloqotga zo’r berish niyatida.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li ertaga Vashingtonda Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton billan uchrashib, ana shu masalani muhokama qiladigan.

Guvohlarning aytishicha, hukumat faollardan birini qiynoqqa solib, jasadini Idlib yaqiniga tashlab ketgan

Faollarning aytishicha esa bugun Suriyaning Hims shahri yana nishonga olingan. Kechagi olishuvlar, deydi ular, kamida 100 fuqaroni hayotdan olib ketgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining o'tgan oygi hisob-kitobiga ko'ra, ixtilof 5,400 odamning yostig'ini quritgan.

So’nggi xabarlarga ko’ra, Fransiya, Italiya va Ispaniya Suriyadagi repressiyadan norozilik tariqasida bu mamlakatdan elchisini chaqirib olgan.

Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar ham Damashqdan diplomatlarini chaqirib olishini aytmoqda.

Qo'shma Shtatlar kecha Damashqdagi elchixonasini yopgan.