Suriya muxolifati AQShda o’z vakolatxonalarini ochmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati yetakchisi Muvaz al-Xatib va AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden. Myunxen, Germaniya, 2-fevral 2013.

Suriya muxolifatining asosiy koalitsiyasi Nyu-Yorkda, BMT bosh qarorgohi yaqinida o’z vakolatxonasini ochmoqchi. Muxolifatning AQShdagi yangi vakili Suriyada ikki yildan buyon davom etayotgan qonli mojaroni to’xtatish kerakligi, prezident Bashar al-Assad hukumati bilan muammoning siyosiy yechimini izlashga tayyorligini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya muxolifati AQShda vakolatxona ochmoqda/Navbahor Imamova


Najib G’adbianning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, dunyoning 114 davlati tomonidan Suriya xalqining haqiqiy namoyondalari sifatida e’tirof etilgan muxolifat koalitsiyasi uchun Nyu-Yorkda vakolatxonaga ega bo’lish katta ahamiyat kasb etadi.

“Vakolatxonani ochishdan asosiy maqsad - Nyu-Yorkda BMTdagi turli diplomatik missiyalar bilan aloqa o’rnatish va ma’lumot almashish. BMTning Suriya masalasi bilan shug’ullanayotgan turli tashkilot va agentliklari, xususan Gumanitar yordam koordinatsiyasi idorasi va UNICEF (Bolalar jamg’armasi) bilan hamkorlik qilish va, albatta, Suriyaning BMT Bosh Assambleyasiga a’zoligi ustida ishlash niyatidamiz”.

Arkanzas universiteti professori G’adbian asli damashqlik, AQShda bir necha yildan beri yashaydi. Suriyaning e’tirof etilishi vakolatxona ochish masalasini ham ko’ndalang qo’ydi, deydi u. Bu orqali koalitsiya Suriya xalqining yagona qonuniy vakili ekanini isbotlashi va Assad rejimining qonunga xilofligini namoyish qilishi mumkin.

Koalitsiya Nyu-York va Vashingtonda vakolatxona ochmoqda. AQSh hukumati bu rejani qo’llab-quvvatlagan.

BMTga ko’ra, so’nggi ikki yil ichida Suriyada 60 ming odam o’lgan, millionlab fuqarolar boshqa mamlakatlarga qochishga majbur bo’ldi.

G’adbian deydiki, muxolifat koalitsiyasi odamlarning aziyat chekishini to’xtatish uchun siyosiy kelishuvga erishish kerakligini yaxshi tushunadi.

“Qon to’kilishi, odamlarning o’ldirilishiga chek qo’yishimiz kerak, siyosiy mahbuslar ozod etilsin. Bu Muvaz al-Xatib tashabbusining asosiy qismlaridan. Suriyaliklar shuncha qiynaldi, mojaroni to’xtatishning yo’llarini topmasak bo’lmaydi”.

Yaqinda Suriya muxolifati lideri Muvaz al-Xatib prezident Assad vakili bilan ochiq muzokara boshlashni taklif qilgan edi.

Hukumat bunga hozircha javob bermadi. Biroq Suriya axborot vaziri shuni aytdiki, muxolifat vakillari Assadning milliy dialog haqdagi talablariga javob bersa, Damashqqa kelib mamlakat kelajagini muhokama qilishi mumkin. Talablar nimadan iboratligi hozircha noaniq.

G’adbian deydiki, muxolifat vakillari hukumatdagi qo’li qonga belanmagan rasmiylar bilan uchrashishga tayyor.

“Biz ular bilan urushmoqchi emasmiz. Ular Suriya kelajagining bir qismi bo’ladi. Bizning dushmanlarimiz - Suriyada insoniyatga qarshi jinoyat qilgan, xalqqa qarshi chiqqanlar xolos”, - deydi G’adbian.

Muxolifat koalitsiyasi prezident Assadsiz kelajakni muhokama qilishga tayyor. Xalq va mamlakat uchun eng zararsiz yo’lni tanlashimiz kerak, deydi G’adbian.