Arab matbuotiga ko'ra, Rossiya jangovar samolyotlari Suriyadagi jangari manzillariga bomba yog'dirishda davom etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan barcha qurollangan guruhlar, jumladan, AQSh yordam berayotgan muxolifat ham nishonga olinayotgani aytiladi.
Suriya davlat matbuoti Hims va Idlibda muxolifat nazorat qilayotgan mahallalar bombardimon qilinayotgani haqida xabar bermoqda. Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, qurol-yarog' omborlari va terrorchilarning boshqaruv markazlari yo'q qilingan.
Suriyadagi oppozitsion guruhlar, o'z navbatida, Telbise va Rastan shaharlarida Rossiya havo hujumlari yetkazgan talafotlar videosini internetga qo'ydi.
Isyonchilar qo'mondonlaridan biri Xolid al-Xo'ja mo'tadil guruhlar Rossiya nishonida ekanini aytar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Arab Ligasidan hujumlarni to'xtatishda yordam so'ragan.
Kremlga murojaat qilayotgan G'arb yetakchilariga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an ham qo'shildi. Uning aytishicha, Rossiya hujumlari asosan uch shahar - Hamo, Hims va Halabda olib borilyapti va Assad rejimiga qarshi kurashayotgan guruhlarga hujum qilinyapti.
"Rossiya uchun Suriyada nima bor? Uzoqdagi bir davlat bo'lsa. Turkiya-Suriya chegarasi esa 900 kilometrga cho'ziladi. Qo'shni davlatdagi voqealar bizni xavotirga solmasdan qo'ymaydi", - deydi Erdog'an.
Rossiya Suriyadagi havo hujumlarini davom ettiribgina qolmay, balki kuchaytirishini ma'lum qilmoqda. "Islomiy davlat" guruhining Raqqa shahridagi yerosti istehkomlarini yer bilan yakson qildik, jangarilar guruh-guruh bo'lib Suriyani tark etishga harakat qilayapti, deydi armiya so'zlovchisi Andrey Kartapolov.
Britaniya hukumati o'z razvedkasi va tahliliga tayanib shuni qayd etadiki, Rossiya samolyotlari amalga oshirayotgan har 20 hujumdan bittasi "Islomiy davlat"ga qaratilgan.
Amaliyotlar boshlanganidan beri ilk televizion chiqishida Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Rossiyani himoya qildi.
"Bu operatsiya samara bermasa, butun mintaqa vayronaga aylanadi. Ayrim davlatlar terrorchilarni quvvatlashni bas qilsa, mojaroga nuqta qo'yish mumkin", - dedi Assad.
Unga ko'ra, Eron, Suriya, Rossiya va Iroqdan iborat yangi koalitsiya sa'y-harakatlari albatta ish berishi kerak.
Tahlilchi Vyacheslav Matuzov so'zlariga ko'ra, Rossiya Suriya muxolifatini toifalarga ajratib o'tirmaydi. "Moskva faqat davlat armiyasini tan oladi, boshqa barcha qurollangan guruhlar noqonuniy", - deydi u.
Taft universitetida huquqshunos Nadim Shahodiy fikricha, Rossiyaning asl maqsadi AQShning Yaqin Sharqdagi manfaatlariga zarba berish, uning ta'sir doirasini kichraytirish.
"Islomiy davlat" ga qarshi bir necha hujumlar esa bu maqsadni xaspo'shlash uchun qilinmoqda", deydi Shahodiy.