Suriyada zo’ravonlik tinmayotgan bir paytda hukumat va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlik yo’lida yangi rejani ma’qullagan.
BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning aytishicha, rejada yuzlab xalqaro kuzatuvchilar roli, bir hafta oldin kuchga kirgan sulh ijrosini tekshirish uchun sharoit yaratish kabilar belgilangan.
Annan mazkur loyiha borasida muxolifat bilan ham muzokara olib bormoqda. Lekin bitim ijrosiga ishonch hamon kam.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xavfsizlik Kengashidan Suriyada uch oylik tinchlikparvar missiyani ma’qullashni so’ragan. Mamlakatning 10 shahar va viloyatiga 300 kishini jo’nataylik, deydi u. Hozir tashkilotning olti mutaxassisi Suriyadagi ahvolni kuzatmoqda.
Faollarning aytishicha esa bugun Deyr al-Zur shahrida armiyadan yuz o’girgan askarlar va xavfsizlik kuchlari to’qnashgan. Bir kishi o’lib, bir necha fuqaro yaralandi, deydi Britaniyada asoslangan Suriyada huquqiy ahvolni kuzatuvchi guruh. Hims shahrida ham portlashlar bo’lgani aytilmoqda.
Klinton ta’rificha, Suriyada ahvol “qaltis bir pallaga” yetdi.
“Ikki yo’l bor. Tinchlik rejasiga muvofiq, xalqaro hamjamiyat kuzatuvida konflikt sekin-asta tugaydi va osuda hayotga qaytiladi. Yoki prezident Bashar al-Assad oxirgi imkoniyatni ham qo’ldan chiqarib, jahon ahli qo’shimcha jazo chorasini ko’rishga majbur bo’ladi”, - deydi Klinton.
Suriya muxolifati nazarida tinchlik rejasida aholini qotilliklardan himoya qilishdek muhim band chetda qolmasligi lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga qaraganda, o’tgan yil martidan beri Suriyada 9 mingdan oshiq odam jon bergan.