Suriya xavfsizlik kuchlari sohilbo’yi Latakiya shahri va Livan bilan chegaradosh shaharlarga hujum qilgan.
Guvohlar va faollarning aytishicha, kechagi ommaviy norozilik namoyishlar ketidan bugun, shanba Latakiya shahrini askar va tanklar bosgan.
Faollar bugun kamida ikki odam o’lganini aytmoqda.
Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati Qusayr viloyatida ham ehtiyot choralari ko’rib, bir necha shaharni zobitlar titib chiqqan.
Suriya bo’ylab juma kuni askarlar qo’lidan 19 odam nobud bo’lgan. Juma namozidan keyin fuqarolar Assad iste’fosini talab qilib, ko’chalarga chiqqach, otishma boshlangan.
Hukumat talofatlarda jinoyatchi guruhlarni ayblab keladi. Bugun, deya xabar beradi rasmiy matbuot, Damashq va Hims shaharlarida terrorchilar qo’lidan o’lgan uch ofitser dafn etilgan.
BMT Xavfsizlik Kengashi kelasi payshanba yig’ilib, Suriya rahbariyatiga qarshi choralarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Sal oldin kengash Assadni tinch aholiga hujumlarda va inson huquqlarini poymol qilayotganlikda ayblab, bayonot chiqargan edi.
Musulmon olamining eng yirik uyushmalaridan biri Islomiy Hamkorlik Tashkiloti ham Suriya hukumatini zulmdan tiyilishga undab, vositachilikni taklif qilgan.
Turkiya prezidenti Abdulla Gul Assadni islohotlarni imkon qadar tezroq amalga oshirishga chaqirdi, kech bo’lmasidan.
Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton esa xalqaro hamjamiyatni Suriyani iqtisodiy va siyosiy jihatdan siquvga olishga da’vat etgan.
Suriyadagi g’alayon shu paytgacha 2 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.
Vaziyatni xolis baholash qiyin, chunki xorij matbuoti mamlakatga kamdan kam hollatda kiritilmoqda.