Tojikistonda imom jihodda ayblanib qamaldi

  • Amerika Ovozi

Tojikistonda imom jihodda ayblanib qamaldi

Tojikiston sudi imom Zaynobiddin Mannonovni diniy adovat urug’ini sochganlikda ayblab, besh yilga qamagan.

U aholini jihodga da’vat etgan, deydi rasmiylar.

Mannonov o’tgan yilning kuzida Nurobod tumanida qo’lga olingan.

Tojikiston hukumati diniy ekstremizmga qarshi choralar ko’rar ekan, din ahli kuzatuvda. Ayrim masjidlar yopilgan.

Rasmiylarning aytishicha, yopilgan masjidlar qonunga muvofiq ro'yxatga o'tishi kerak bo'lgan, biroq bu talabni bajarmagan. Imomlarning izohicha, ular ro'yxatdan o'tishga uringan, ammo rasmiylar besabab bu iltimosni rad etgan.

O'tgan yili Rasht vodiysida ro'y bergan to'qnashuvlar hukumatni xushyor torttirgan. Prezident Emomali Rahmon ota-onalarni bolalarni madrasa va islomiy universitetlardan chiqarib olishga chaqirgan edi. "Aks holda farzandlarimiz kelasi besh-o'n yilda terrorchilarga aylanadi", - degan edi prezident.

Hisoblarga ko'ra, shundan beri 1400 student xorijdan vataniga qaytgan, 700 nafari hamon chet elda qolmoqda.

Hukumat soqol qo'ygan kishilarni ham so'roqqa tutmoqda. Aholi nazarida rasmiylar islomiy radikalizm xavfiga qarshi puxta chora ko'rishni bilmay, garang.