G’arb Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda gumon qilar ekan, bu davlat bilan iliq aloqada bo’lgan Tojikistonda jamoatchilik fikri turlicha.
Ba’zilar Eronning yadroviy qurol yasashga haqqi bor desa, boshqalar nazarida bu nafaqat mintaqa, balki butun dunyo uchun tahdid.
Yangi urush o’chog’i yoqilmoqda, deb xavotirda yurganlar ham ko’p.
Dunyo voqealari, siyosiy o’zgarishlarga munosabat Tojikistonda ko’proq rus ommaviy axborot vositalari ta’sirida shakllangani uchun Eron yadro loyihasi bilan bog’liq muhokamalarda AQSh asosiy aybdor deb ko’riladi.
Tojikistonlik rus jurnalisti Lenura Mustafaeva fikricha, Amerika Erondek islomiy tuzum bilan “hazillashmasligi kerak”.
“Bu hazil ehtimol haqiqatdan ham uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkin. Gap Eronning yadro qudratiga egaligida emas. AQSh ma’muriyati bu masalada juda tez qarorlarga kelmoqda. Obama ham, undan oldingi prezidentlar ham Sharq masalasida umuman shoshma shosharlikka yo’l qo’ydi. Masalan Misr yoki Liviya va Iroqni olaylik, ularning hech birida mustahkam hukumat o’rnatilmadi, aksincha, radikal kuchlar hukumatga kirib bormoqda. Bu na bizning, na G’arbning, na-da Rossiyaning manfaatlariga mos keladi”.
Tojikistonlik o’zbek yozuvchisi Ahli Rasul Muhammad nazarida avvalo G’arbning o’zi qurolsizlanishi kerak.
“Eron davlatinig yoki boshqalarning atom quroliga ega bo’lishini istamaydigan Amerika yoki Yevropa, umuman dunyoda atom quroliga ega bo’lgan mamlakatlar avval o’zlaridagi mavjud bo’lgan atom qurollarini batamom yo’q qilishlari kerak. Ana shunda Eron ham, u singari atom quroliga ega bo’lishni istovchi yangi davlatlar paydo bo’lmaydi”.
Lekin Tojikistondagi ayrim dindorlarlar Eron yadro loyihasi qattiq nazoratda bo’lishi kerak deb hisoblaydi.
Masalan, o’zini Abdufattoh deb tanishtirgan taqvodor fikricha, terroristlarni moliya va qurol bilan ta’minlayotgan yoki bunga aloqadorlikda shubha qilinayotgan har qanday mamlakat xalqaro hamjamiyat nazoratida bo’lishi shart. Islom dunyosi ommaviy qirg’in quroliga muhtoj emas, deydi u.
“Biz yangicha va muttasil targ’ibot va shuurga ta’sir orqali uzoq vaqt ketsa-da, tinch yo’l bilan islom davlatiga erishamiz. Biz uchun hozir siyosiy hokimiyat emas, qalblarni egallsh muhim. Shuning uchun, agar Eronda yadro quroli ishlab chiqishga harakat bo’lsa, biz undan voz kechamiz”.
Tojik shoiri Ne’mat Otash fikricha Eron Tojikiston bilan strategik hamkor bo’lsa-da, bu mamlakatning atom quroliga ega bo’lishini xalq istamaydi. Tojikiston qurollarga qarshi, deydi u.
“Chunki, dunyo tarixida biror urush yaxshi oqibatga olib bormagan.
Hozir Eron rasmiylari atom quroliga ega bo’lish niyati yo’qligini aytib kelmoqda. Lekin bu ishda agar shak-shubhalar bo’ladigan bo’lsa, ular o’zaro muloqotlarda bu masala yechimiga borishlari zarur”.