Tojikistonda o'zbek tilidagi yangi gazeta chiqa boshladi

Tojikistonda o'zbek tilidagi yangi gazeta chiqa boshladi

Tojikistonda hozir 1100 dan ortiq davlat va nodavlat gazeta-jurnallari chop etiladi.

Lekin ular orasida o'zbek aholi hayotini ularning tilida yorituvchi nashlar sanoqli. Vaholanki, o'zbeklar bu mamlakatdagi eng yirik elatlardan biri. Ikki millionga yaqin ekani taxmin qilinadi.

Bor gazetalar ham ham turli sabablar bilan ba’zi bir paytlar bosmasdan chiqmay qoladi.

Navro’z kunlari Tojikiston shimolida, Sug'd viloyatidagi O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi yangi bir loyiha boshladi - “Ma’naviyat” gazetasi.

Respublikadagi elektr energiyasi taqchilligi sabab biroz kechikib chiqarilgan bu nashr dastlab 1000 nusxada chop etilmoqda.

"Manaviyat"ning sotuvdagi bahosi 1 somoniy (22 sent atrofida).

Gazeta Bosh muharriri Zohirjon Ergashevning aytishicha, Rossiyada o’zbeklar “Turon”, Amerikada “Vatandosh” gazetalari va “O’zbegim” jurnalini ona tilida chop etib turgan paytda aholisining o’ttiz foizdan ortiqrog’ini o’zbeklar tashkil etgan Tojikistonda o’zbek nashrlari kamligi “o’zimizni qadrimizga etmasligimizni nishnonasidir.”

“Tojikistondagi o’zbeklar salmog’iga nisbatan chiqayotgan ommaviy axborot vositalari miqdori talabni to’liq qondira olmaydi. Shuni hisobga olib, biz - bir guruh tashabbuskorlar o’zbek aholisi uchun “Ma'naviyat" gazetasini nashr etishni maqsad qilib oldik. Gazetaning maqsadi, o’zbek aholisi orasidagi ijtimoiy-huquqiy muammolarni hal qilishga yordamlashish, hukumat qarorlarini aholiga to’g’ri tushuntirish. Chunki, til bilmaslik muammosi bizda hali ham mavjud.”

Bosh muharrirning aytishicha, gazeta hozircha tashabbuskor guruhning fidoiyligi bilan chiqarilmoqda. Gazeta hech qanday moliyaviy ta’minotga ega emas.

Yangi gazeta jamoatchilik kengashi a’zosi, tojikistonlik kulgu ustasi G’ayratjon Hamroqulov ma’naviyat qancha baland bo’lsa, odamlarning bir-biriga mehru-oqibati shuncha ortib boradi deydi.

“Ma’naviyat” gazetasini tashkil etishdan maqsad, ilgarigi mehr-oqibatni qaytarish. O’zbegimizga, tojigimizga, Markaziy Osiyo xalqlariga ilgarigi bordi-keldilar qaytib kelsin. Do’stligimiz bayrog’ini yanada baland ko’tarishga mustahkam xizmat qiladigan bir katta gazeta sifatida paydo bo’ldi bu.”

Gazetxon Nargiza Xalifayeva gazetaning ilk soniga baho berib, Sug’d viloyatida o’zbeklar asosan O’zbekiston ommaviy axborot vositalari ta’sirida ekanligini aytarkan, yangi nashrning o’ziga xos o’rni va tili borligini ta’kidlaydi.

“Gazetani o’qib chiqdik, ancha mustaqil fikrlari bor. O’zgacha qarashlar bilinib turibdi”,- deydi u.

Gazeta bosh muharririga ko’ra, nashrning asosiy maqsadlaridan biri, regionda elatlararo do’stlikni mustahkamlashga hissa qo'shish.

“Chunki, kuch-birlikdadir deb xalqimiz behudaga aytmagan. Arg’amchiga qil quvvat deyishadi. Biz o’zbek deb atalgan arg’amchida aqallan bir qil vazifasini o’tashga harakat qilamiz”,- deydi Zohirjon Ergashev.

Tojikiston islom uyg’onish partiyasining ma’rifat va targ’ibot bo’yicha Sug’d viloyatidagi ma’sul xodimi Shavkati Muhammad ham yangi o’zbek gazetasi haqida gapirarkan, u ham viloyatda o’zbek aholisi talabini to’la qondiruvchi mustaqil nashrlar yo’qligini ta’kidlaydi.

“Bu gazeta haqiqat minbari, xalq orasidagi fikr-mulohazalarni ochiq yorita oluvchi nashr bo’lib qoladi deb umid qilamiz”, - deydi u.