"Tojikiston-O'zbekiston chegarasidan o'tguncha Yevropani aylanib chiqish mumkin"

Sovuqlik shu darajaga yetdiki, o’tgan yil kuzidan boshlab O’zbekiston chegara tumanlarida o’z fuqarolarini ham Tojikistonga o’tkazmay qo’ydi.

Sho’rolar davlati qulagach Tojikistonda boshlagan fuqarolik urushi yillarida hukumat O’zbekistonga suyangan, qo’shni mamlakatdan harbiy madad olgan. Lekin oxirgi yillarda Toshkent-Dushanbe aloqalari, ayniqsa, chegara va suv omborlari masalasida ancha murakkab.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston-Tojikiston chegara, suv muammolari/Ravshan Shams


Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston-Tojikiston-Suv-Ziddiyatlar-Navbahor Imamova


Hozir qardosh mamlakat fuqarolarining chegaradan o’tishi ham katta muammo. Buning sababi faqat qattiqqo’l rahbarlar o’rtasidagi ziddiyatmi? Ekspertlar va ziyolilar qanday fikrda?

Chegara mashmashasi mahalliy aholining bosh og’rig’iga aylanib qolgan.

AQSh va Yevropa davlatlarida ta’lim olgan Faridun Xoshimov, o'zbek ona va tojik otaning farzandi, chegaradan o’tgancha Yevropani aylanib chiqqan bo’lar edi.

Mahalliy ekspertlar shu vaqtgacha qo’shni davlatlar orasidagi sovuq munosabat sababini rahbarlarning shaxsiy ziddiyatiga bog'lab kelishar edi. Lekin bugun masala ildizi ancha chuqur ketgani anglashilayotgandek.

Endi bu liderlar almashsa ham munosabatlar tarangligicha qolaveradi, chunki orada o’zaro adovat shakllanib bo’ldi, deydi Ikrom ismli tarix muallimi.

Sovuqlik shu darajaga yetdiki, o’tgan yil kuzidan boshlab O’zbekiston chegara tumanlarida o’z fuqarolarini ham Tojikistonga o’tkazmay qo’ydi.

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti, yaqin mamlakatlar muammolarini o’rganish markazi rasmiysi Dmitriy Aleksandrov aytadiki, yillar davomida vujudga kelgan qarama-qarshiliklar sababi turlicha.

“Gap ikki mamlakat liderlarinig shaxsiy munosabatlarida emas, yillar davomida tarkib topgan obyektiv muammolar, obyektiv qarama-qarshiliklarda. Ba’zilar buni “sovuq urush” demoqda. Unaqa emas, lekin munosabatlar og’irligi va mojaroli ekani aniq”, - deydi u.

Tojikistonda ikki milliondan sal ko’proq o’zbeklar yashashadi, bu mamlakat aholisining 20 foizdan ziyodini tashkil etadi.

Eng yaqin qo’shni bilan tarang munosabat hozir Tojikistonda ichki milliy siyosatga ham ta’sir etayotganini gapirishadi. Masalan, Tojikiston shimolidagi universitet dotsenti respublikada keyingi yillarda o’zbek maktablari, oliygohlarda o’zbek fakultetlari yopilayotganini aytadi.

"Xo'jand universitetida o’zbek tili va adabiyoti fakulteti yo’q, bilmadim, kelajakda nima bo’ladi. Oqibatini o'ylagim ham kelmaydi", - deydi universitet domlasi.

Tojikistonlik o’zbek shoiri Jamshed mamlakat rahbariyatining milliy siyosatini juda yaxshi baholaydi.

“Rahbarlar doimo bizning muammolarimiz bilan qiziqib, yordam ko’rsatib kelishganiga guvohman. Hozir ham shunday, men biron boshqacha narsani ko’rmadim. Tojikiston bizning vatanimiz, o’zbekmiz, lekin kelgindi emasmiz. Ahil yashaganmiz va bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi”, - deydi u.

Shoir o’tgan bir yilda Toshkentga ikki-uch marta borib kelganini, Abdulla Oripov bilan suhbatlashib qaytganini ta’kidlar ekan, sovuq gaplar hech kimga yoqmaydi, deydi. U kelishmovchilikning barchasi vaqtincha ekaniga ishonadi.

Tahlilchi Aleksandrov so'zlariga ko’ra, bugunning asosiy muammosi oddiy suvga bog'lanib qolgan.

“Suvdan foydalanishga doir juda jiddiy qarama-qarshiliklar bor. Butun Markaziy Osiyoda suv havzalari Tojikistondan boshlanadi. Daryolar quyi oqimida joylashgan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan O’zbekiston esa Tojikistondan keladigan suvga bog’lanib qolgan. Shuning uchun ham O’zbekiston hukumati gidroenergetikani rivojlantirish loyihalarini avj oldirayotgan tojik rahbariyati qadamlarini hazm qilolmaydi”, - deydi olim.

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, chegarada damba-dam qo’shimcha harbiy kuchlarning paydo bo’layotgani, chegara nazoratining kuchayishi ortida o’ziga xos sabablar bo’lishi mumkin. Lekin arzigulik sabab nimada ekaniga aqlimiz yetmaydi, deydi suhbatdoshlar.