Tolibon rahbariyati ayollarni sport bilan shug'ullanishi, stadion va gimnastika zallariga borishini taqiqladi. Sabab, deya tushuntiradi tan olinmagan hukumat a'zolari, "xotin-qizlar erkaklardan uzoqda bo'lishi zarur, aks holda noahloqiy muhit vujudga keladi".
Tolibon boshidan beri ayol va erkaklar bir joyda ishlashi, o'qishi va jamoat joylarida birga bo'lishiga qarshi. Mutasadddilarga ko'ra, sport inshootlarida ikki jins vakillari ayri bo'lishi shart, ammo bu qoidaga amal qilinmayapti. Shu bois, deydi ular, xotin-qizlar mutlaq chetlashtirilmoqda.
Ayollarni istirohat bog'lariga kiritmaslik ham buyurilgan. Parklar faqat erkaklar va bolalar uchun ochiq.
Tolibon bu borada 2021-yilning avgustida hokimiyatni egallaganidan beri ogohlantirib kelayotgan edi.
"Parklar va sport zallarini ayollar uchun yopayapmiz, chunki ular biz talab qilganimizdek, yuzlarini yopayotgani yo'q", - deydi Muhammad Akif Muhojir, ahloq siyosati bo'yicha idora vakili.
Tolibon har bir inshootga maxsus nazoratchilar qo'yib, xotin-qizlarning kirmasligini ta'minlaydi.
Ayol murabbiylardan birining aytishicha, Tolibon repressiyani davom ettirmoqda.
"Tolibon aldayapti, biz azaldan erkaklardan alohida shug'ullanamiz", - deydi u.
O'tgan haftadan boshlab, toliblar stadionma-stadion, zalma-zal yurib, ayollarni haydamoqda.
"Qarshilik bildirganlar, norozilik namoyishi qilishga uringanlar hibsga olindi", - deydi murabbiy.
"Olib ketilganlar tirik yo o'lik, bilmaymiz".
Tolibon politsiyasi boshlig'i Xolid Zadran bu boradagi savollarga javob bermaydi.
BMTning Afg'oniston ayollarini himoya qilish bo'yicha maxsus vakili Alison Davidian taqiqni qoralab, Tolionni uni bekor qilishga undamoqda.
"Tolibon xotin-qizlarni qanchalik ezayotganining yana bir dalili. Ayol bu jamiyatda biror erkin harat qilishi yoki rol o'ynashi mumkin bo'lmay qoldi. Tolibon ularning huquqlarini hurmat qilishi va erkinliklarini tiklashi lozim", - deydi BMT rasmiysi.
Tolibon tepasida uning eng radikal qatlami o'tirar ekan, deydi afg'on tahlilchilar, mamlakatda vaziyat og'irlashaveradi.
Afg'oniston izolyatsiyada ekan, mamlakat bo'ylab qashshoqlik va ochlik hollari kengaygan.
Kobulda ayollar huquqlari himoyachisi Sodaba Nazand deydiki, bu jamiyatda xotin-qizlar uchun hech qanday umid qolmadi.
"Tolibon ayollarni cheklash bilan bolalarni ham qiynamoqda. Park boradigan yosh avlod, ular esa onasi bilan yuradi. Endi nima qilsin? Bu mamlakatda yashash uchun imkon qolmayapti", - deydi Nazand.
AP axborot agentligiga ham tayanildi