AQSh qo'mondoni: 2019-yil Afg'onistonga tinchlik olib keladi

  • Amerika Ovozi

AQSh generali Skott Miller, Nangarhor viloyati, 23-dekabr, 2018

AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni, general Skott Miller NATO qo'shinlariga so'zlar ekan, 2019-yilda bu mamlakatda tinchlikka erishish uchun imkon bor, dedi. Siyosiy murosa qilinishi kerak, yechim shunda, deydi general.

"Tolibon ham tinchlik tarafdori, afg'on hukumati ham".

Miller bu gapni xalqaro koalitsiya harbiylariga bir soatlik mashqlardan keyin aytdi.

AQSh Afg'onistondagi 14 mingga yaqin askarining yarmini chiqarishga bel bog'lagan. Oq uydan hali bu borada buyruq berilgani yo'q.

"Koalitsiya tinchlik tomon qadamlarni quvvatlaydi va yangi sharoitga moslashishga shay", - deydi Miller.

Amerika afg'on zaminiga 2001-yilda kirgan. Shu kungacha Tolibon va jangarilar bilan urushda 140 ming odam halok bo'lgan. Urush hozirgacha AQShga bir trillionga yaqin dollarga tushdi.

Toliblar hukumat bilan muzokara yuzasidan tarqoq. Urush davom etadi, deydigan to'dalar bor.

"Tolibon hujumlarni to'xtatmasa, biz ham zarba beraveramiz", - deydi polkovnik AQSh qo'shinlari matbuot kotibi Devid Batler.

Aslida afg'on zaminida 1979-yildan beri urush tinmaydi. O'shanda Sovet ittifoqi bu mamlakatga o'z armiyasini kiritgan va kommunizm tarafdorlarini quvvatlab, muxolifatga qarshi urush olib borgan.