AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp AQSh va Rossiya o'rtasida mahbus almashinuviga doir kelishuvni Putin uchun yutuq deb atadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Agar men prezident bo’lganimda Gershkovich hibsga olinmagan, Krasikov kabi qotil esa ozodlikka chiqmagan bo’lardi”, - dedi Tramp.
1-avgust kuni Qo'shma Shtatlar va Rossiya Turkiyada mahbus almashdi. AQSh Rossiyaga 8 kishini, Rossiya esa 16 odamni topshirdi. Vashington Rossiya prezidenti afv etgan insonlarni siyosiy mahbuslar, nohaq qamalganlar deya atamoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, sobiq harbiy Pol Uilan hamda rossiyalik muxolifatchi Vladimir Kara-Murzaning ozod etilgani haqida bayonot berdi.
Ozod bo’lganlar orasida Germaniyaning besh fuqarosi va yana olti rossiyalik bor. Ular Ukrainadagi urushni tanqid qilgani uchun qamalgan edi.
Rossiyaga topshirilgan 8 kishi AQSh, Germaniya, Polsha, Norvegiya va Sloveniya qamoqxonalarida o’tirgan.
“Bir necha mamlakat bu ishda yordam berdi. Ular iltimosimni qondirib, bunday murakkab muzokaralarda qatnashishga rozi bo’ldi”, - dedi Bayden.
Rossiyaga topshirilgan mahbuslardan biri razvedka xodimi Vadim Krasikov bo’lib, u Rossiya tomonidan rus askarlarini o’ldirganlikda ayblangan Zelimxan Xangoshvili ismli gruziyalik chechenni 2019-yilda Germaniyada otib o’ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan edi.
Amerikalik Pol Uilan 2018-yilda Moskvada hibsga olingan, josuslikda ayblanib, 16 yilga qamalgan. Josuslikda ayblangan yana bir amerikalik Evan Gershkovich ham o’tgan oy 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Alsu Kurmasheva esa “Ozodlik” radiosining muxbiri bo’lib, “xorijiy agent” sifatida ro’yxatdan o’tmagani uchun salkam 10 oy qamoqda o’tirdi, jami 6,5 yil qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. Rossiya hukumati “Ozodlik”ni “xorijiy agent” deb tamg’alagan.
Turkiya orqali AQShga qaytgan sobiq mahkumlarni Vashington yaqinidagi aerodromda Prezident Bayden va vitse-prezident Kamala Harris kutib oldi.
Ozodlikka chiqqan rossiyaliklar orasida inson huquqlari faoli Oleg Orlov va muxolifatchi Ilya Yashin ham bor.
Ozod bo’lgan rossiyaliklarni Moskva aeroportida Prezident Putin kutib oldi, vatan ularni hech bir vaqt unutmaganini aytdi. Matbuotda ular haqiqiy vatanparvar deya ta’riflanmoqda, ba’zilarining davlat tomonidan mukofotlanishi kutilmoqda.
Rossiyaliklar vatandoshlarining qaytarilganini olqishlamoqda.
Artyom va Anna Dulsevlar josuslikda ayblanib, Sloveniyada qamalgan. Vadim Konoshenok Amerika sanksiyasini buzganlikda aybdor topilgan. Vladislav Klyushin va Roman Seleznev kiberfiribgarlik va xakerlikda ayblanib, AQSh qamog’ida o’tirgan.
Mixail Mikushin Norvegiyada, Pavel Rubsov Polshada josuslikda ayblangan edi.
Kolumbiya universiteti professori Timoti Frayning aytishicha, mahbus almashishga qaratilgan muzokaralar bir yildan oshiq vaqt olgan.
Bayden mahbuslar ozod etilishi haqida bayonot chiqarishi ketidan Oq uy uzra “garovga olinganlar va nohaq qamalganlar” deb yozilgan bayroq ko’tarildi.
Xabarlarga ko’ra, los-anjeleslik balet raqqosasi Kseniya Karelina va pensilvaniyalik o’qituvchi Mark Fogel hali ham Rossiya qamog’ida.
Karelina yanvar oyida oilasini ko’rish uchun Rossiyaga borganida hibsga olinib, 20 yilga qamalishi mumkin.
Federal xavfsizlik xizmati uni Ukraina armiyasini qurol, o’q-dori bilan ta’minlovchi tashkilotga pul yuborganlikda ayblamoqda.
Fogel esa 2022-yilda yonidan marixuana chiqqani uchun 14 yilga qamalgan. Uning giyohvand moddadan tibbiy maqsadda qo’llanayotganini aytgani yordam bermadi.
Bayden Fogelni qamoqdan chiqarishga harakat bo’layotganini aytadi.