Tramp hukumatni kichraytirmoqchi. Tarixga nazar

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlikka saylangan Donald Tramp Oq uyda ish boshlashi bilan federal hukumatni kichraytirishga harakat qilishi kutilmoqda. Hukumat samaradorligini oshirish vazifasini Tramp ikki milliarder Ilon Mask va Vivek Ramasvamiga yuklagan. Trampdan oldin ham AQShning ayrim rahbarlari davlatning hukumat boshqaruvida rolini cheklashga harakat qilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-yanvar, 2025-yil - Trudo Kanadada bosh vazirlikdan qachon ketadi?

Tramp tuzgan komissiyaga ikki rahbardan biri etib tayinlangan milliarder tadbirkor Ilon Mask AQSh xarajatlarini ikki trillion dollarga qisqartirishni rejalamoqda.

AQSh tarixida yana qaysi prezidentlar davlat xarajatlarini kesmoqchi bo’lgan?

“Respublikamiz tashkil topganidan beri prezidentlar u yoki bu tarzda hukumatni kichraytirishga yoki rolini qisqartirishga harakat qilgan”, - deydi Sohilbo’yi Karolina universiteti dotsenti Jastin Van.

19-asr boshida Amerikaning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson Mudofaa vazirligi va hukumatdagi ayrim o’rinlarni qisqartirib, xarajatlarni bir oz tejashga muvaffaq bo’ladi.

1930-yillarda esa Franklin Delano Ruzvelt “Buyuk tushkunlik”ka qarshi kurashish maqsadida federal xizmatchilar sonini oshiradi. Uning “Yangi yo’nalish” siyosati doirasida millionlab ish o’rinlari yaratiladi, kambag’al aholiga ko’mak ko’rsatiladi.

1980-yillarda Ronald Reygan komissiya tuzib, 150 ga yaqin tadbirkordan samarasizlikka barham berishda yordam so’raydi.

“Prezident Reygan ushbu komissiyadan hukumatni biznesga o’xshatib ishlatishda maslahat so’ragan”, - deydi “Fuqarolar davlat isrofgarchiligiga qarshi” tashkilotining prezidenti Tom Shats.

Biroq tadbirkorlar bergan tavsiyalarning aksariyati, ayniqsa Kongressdan qonun yaratishni talab qiluvchi tavsiyalar amalga oshirilmagan.

Shunga qaramay tarixchilar nazarida, Reygan jamoatchilikni mamlakat muammolarini hal qilishda hukumatning kichikroq bo’lishi muhimligiga ishontirishga muvaffaq bo’lgan.

“Bu hukumatning jamiyatdagi roli sezilarli darajada oshgan, o'tgan asrdagi vaziyatdan tub o'zgarish edi”, - deydi Jastin Van.

1990-yillarda Prezident Bill Klinton 300 mingga yaqin federal ish o’rinlarini qisqartirishga harakat qiladi. Aksariyati nafaqaga erta chiqariladi.

“Zamonaviy davrda hukumatning rolini sezilarli darajada tushirgan ma’muriyatlardan biri edi u”, - deydi Sohilbo’yi Karolina universiteti dotsenti.

Birinchi prezidentlik muddati paytida Donald Tramp federal idoralarga yollashni muzlatib, ish o’rinlarini qisqartirishni buyurgan. Hozir shu ishni oxirigacha yetkazmoqchi. Ba’zilar hukumatni yuritishda biznes yondashuvni qo’llash to’g’ri emasligini aytadi.

“Hukumat bo’lsangiz, xalq uchun javobgarsiz, maqsad pul ishlash emas. Maqsadingiz xalqni xizmatlar bilan ta’minlab, uni himoya qilish. Xususiy sektorda firibgarlik va isrofgarchilik ko’p. Tadbirkorlar firibgarlik va isrofgarchilikni fosh qilishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Amerika tarix uyushmasining rahbari Jeyms Grossmen.

Tramp va Mask hukumatni qisqartirish harakatini tushuntirishda ijtimoiy sahifalardan faol foydalanmoqda.

“Ijtimoiy sahifa orqali keng qamrovli va tezkor javob olsa bo’ladi. Kongress a’zolari eski uslubdagi xatlardan ko’ra ijtimoiy sahifalardagi postlarga tezroq javob beradi”, - deydi Shats.

Ko’p hollarda qisqartirishlarga Kongress ruxsat berishi kerak.