AQShda prezidentlikka qayta saylangan Donald Tramp Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlarni tez tugatishga so’z bergan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bunga umid bildirib, Tramp ma’muryatidan AQSh-Turkiya munosabatlari yaxshilanishini kutmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Erdog’an Yaqin Sharqda ham, Ukrainada ham urushlarni to’xtatishga harakat qildi. Biroq uning Rossiya prezideni bilan yaqinligi NATOdagi hamkorlari tanqidiga sabab bo’ldi.
Trampning prezidentlikka kelishi bilan Turkiyaning Rossiya-Ukraina mojarosida vositachilik roli oshishi mumkin.
“Tramp Rossiya va Ukrainani muzokaralarga undaydi. Turkiya ham doim shuning tarafdori bo’lgan. Prezident Erdog’an bu jarayonda ishtirok etishni istaydi, balki muzokaralarga mezbon bo’lishni xohlaydi”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutining turkiyalik ilmiy xodimi Asli Oydintoshbosh.
Shu bilan birga Erdog’an Trampdan AQShning Suriyada kurd jangarilariga harbiy yordamini to’xtatishni so’rashi mumkin, deydi tahlilchilar. AQShning oz sonli qo’shinlari kurdlarga “Islomiy davlat” qoldiqlariga qarshi kurashda yordam beryapti.
Anqara suriyalik kurd bo’linmalarini Kurdiston ishchilar partiyasini qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Qo’shma Shtatlar PKKni terrrorchi guruh deb bilsa-da, suriyalik kurdlarga madad beradi.
“Erdog’an Trampni o’zi kabi pragmatik rahbar deb biladi va u bilan oldi-berdi orqali til topishishga umid qilmoqda”, - deydi turkiyalik tahlilchi Oydin Seljen.
Biroq Isroilning XAMAS va “Hizbulloh”ga qarshi harbiy harakatlari ikki rahbar aloqalariga putur yetkazishi mumkin, chunki Tramp Isroilni Baydenga qaraganda qattiqroq qo’llaydi, Erdog’an esa falastinliklar tarafida.
“Tramp Erdog’an haqida iliq so’zlar aytgan bo’lsa-da, unga ishonish mumkinmi? Agar Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashsa, nima bo’ladi? Isroil-Turkiya munosabatlaridagi ziddiyat va Trampning Isroilga yondashuvini hisobga oladigan bo’lsak, Tramp ma’muriyati Turkiyaga tahdid soladi”, - deydi yana bir tahlilchi Murat Aslan.
Erdog’an Tramp bilan telefonda gaplashganini, uni g’alaba bilan tabriklaganini, G’azo va Livanda bo’layotgan urushlarga e’tibor qaratganini aytdi.
"Qadrli do’stim Tramp ikkinchi prezidentlik muddati davomida eski ma’muriyatning xato siyosatidan voz kechib, urushlarni tugatishga harakat qiladi deya umid qilamiz”, - dedi Erdog’an.
Tramp va Putin muloqotga tayyor
Ukraina-Rossiya urushiga chek qo’yish uchun Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashishi kerak bo’ladi. Bayden muloqotdan voz kechgan, Ukrainani pul va qurol bilan tinimsiz ta’minlaydi.
Putin Tramp bilan muloqotga tayyor ekanini aytdi, uni dovyurak rahbar deb atadi, saylovdagi g’alabasi bilan tabrikladi.
"Agar G’arbdagi rahbarlarning birortasi muloqotni jonlantirmoqchi bo’lsa, bunga qarshiligim yo’qligini doim aytib kelaman”, - dedi Putin.
Tramp Rossiya rahbari bilan aloqasi yaxshi ekanini aytib keladi. Xabarlarga ko’ra, Tramp jamoasi ayni damda Ukrainadagi urushni to’xtatishga qaratilgan reja va takliflar ustida ishlamoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Tramp bilan gaplashishga tayyor, ammo Ukrainadagi maqsadlaridan voz kechmaydi, deb aytdi.
Yevropa rahbarlari Trampning prezidentlikka qaytganidan xavotirda
Yevropa Ittifoqidagi aksariyat rahbarlar Trampning prezidentlikka qaytganidan xavotirda, AQSh Ukrainaga oldingiday yordam bermasligini taxmin qilmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi Vashingtonga tobeligini kamaytirib, ko’proq o’z kuchiga tayanishi kerakligini aytadi.
“Tramp Amerika xalqi manfaatlarini himoya qilmoqchi. Bu qonuniy va bu yaxshi narsa. Yevropaliklar esa o’z manfaatlarini himoya qilishga tayyormi?”, - dedi Makron.
Tashkilot raisi sifatida Budapeshtda sammit uyushtirib, ittifoqqa a’zo mamlakatlar rahbarlari va Ukraina prezidentini qabul qilgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Tramp Ukrainaga yordamni to’xtatishini, Yevropa esa urushni yolg’iz o’zi moliyalay olmasligini ta’kidladi.
Orban Trampning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchisi bo’lib, ko’pdan beri urushga yakun yasashga chaqirib keladi.
Trampning 20-yanvarda bo’ladigan inauguratsiyasiga qadar Bayden ma’muriyati Kiyevga yordamni oshirmoqchi.
Vladimir Zelenskiy AQSh uning mamlakatiga yordamni kamaytirsa, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 300 milliard dollarga yaqin muzlatilgan pulini Ukrainaga uzatishi kerakligini aytdi.
“Agar Qo’shma Shtatlar harbiy yordamni keskin qisqartirsa, NATO qanday qilib Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etadi?”, - deydi londonlik tahlilchi Ed Arnold.
Buning uchun, deydi kuzatuvchilar, Yevropa hozirgidan ancha qattiqroq harakat qilishi kerak bo’ladi.
Biroq qit’ada iqtisodiyoti eng yirik va qudratli Germaniya shu haftadan boshlab siyosiy tanazzulga yuz tutdi, erta saylovlar o’tkazilishi kutilmoqda. Ijtimoiy so’rovlarda reytingi past Olaf Shols kanslerlikdan ketishi mumkin, yangi rahbar esa Sholschalik Ukrainaga jon kuydiradimi, hozircha aniq emas.
Tramp xorijiy importlarga 20 foizlik tarif qo’yishni ko’zlar ekan, Yevropa savdo urushi xavfi bilan ham yuzlashishi mumkin.
“Trampning Xitoy mahsulotlariga 60 yoki undanda kattaroq tarif qo’yishi haqidagi bayonotlari global savdoga jiddiy ta’sir qilishi, buning Yevropa, Birlashgan Qirollikka ham zarari bo’lishi mumkin. Yevropa Ittifoqi mahsulotlari ham tariflarga uchrashini kutishimiz mumkin”, - deydi Amerika universitetidan Garret Martin.