AQShda 5-noyabrdagi prezident saylovidan so’ng yangi rahbar ishni yanvar oxirida, ya’ni inauguratsiya marosimidan so’ng boshlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Vitse-prezident Kamala Harris yoki sobiq prezident Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelsa, G’azo, Livan va Ukrainada bo’layotgan urushlar to’xtaydimi yoki vaziyat o’zgarishsiz qoladi?
“Prezidentlik paytimda urushlar bo’lmagan. “Islomiy davlat”ga qarshi urushdan tashqari. Daishni mag’lub etganman. Bitta qo’ng’iroq bilan urushlarni to’xtatishim mumkin”, - deydi Tramp.
Biroq sobiq rahbar urushlarni qanday to’xtatishi sirini ochgani yo’q.
Rossiya Ukrainaga qo’shinni Jo Bayden prezidentligi paytida kiritdi. XAMAS ham Isroilga Bayden Oq uydaligida hujum qildi, Isroilning Livanga zarbalari ham shu paytga to’g’ri keldi.
Trampning to’rt yillik prezidentligi paytida esa birorta katta urush bo’lmagan, Amerikaning o’zi ham yangi qurolli mojarolarga aralashmagan.
Tramp tarafdorlari buni tinchlikni kuch orqali saqlash deb ataydi.
Biroq raqib demokratlar buni tasodif sifatida ko’radi, Tramp prezidentlikdan ketayotganida AQSh askarlari Afg’oniston, Suriya, Iroq va Yamanda jang qilishayotganiga ishora qiladi.
Ayrim tarixchilar Tramp harakatlari va qarorlari qanday bo’lishini oldindan aytib bo’lmasligini uning yutug’i deb biladi.
“Tashqi siyosatda o’zini telbalikka solib yoki telba roliga kirib, shafqatsiz qasos olishga tayyor turish o’ziga yarasha kuch nishonasidir. Shu ma’noda harakatlarini oldindan aytib bo’lmaslik fazilat hisoblanishi mumkin”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Tomas Shvars.
Biroq tanqidchilari nazarida, Tramp xarakteridagi bu xususiyat va shaxsiy manfaatni ko’zlashi yadroviy qurol mavjud bu dunyoda xavfli oqibatlarga olib kelishi, mojarolarni boshqarishda pand berishi mumkin.
“Deeskalatsiya va diplomatiya kelishishga bog’liq, kelishuv uchun esa rahbardan nima kutishni bilish kerak. Agar raqibingizning keyingi qadamini bilsangiz, chegaradan o’tmasdan chetga chiqsangiz bo’ladi”, - deydi Jons Xopkins universitetidan Laura Blumenfeld.
Diplomatiya bobida Harris an’anaviy usulda ishlashi aytilmoqda. Prezident Jo Bayden kabi u ham AQShning dunyodagi liderligini saqlash uchun ko’p tomonlama hamkorlik, ittifoqlar tuzish tarafdori.
Amerika rahbarlari AQShning dunyoda ortiq yagona super qudratli davlat emasligini tan olar ekan, Amerikaning harbiy qudratini ishga solishda Harris ham Tramp kabi mojaro turiga qarab qaror berishi mumkin.
“Tramp va Harris xalqaro tizim doirasida hokimiyat bo’linayotganini tushunib turibdi. Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlarning xalqaro tartibga o’ziga xos qarashlari borligini ko’rishyapti”, - deydi Jorj Meyson universitetidan Ellen Lepson.
Farq shundaki, deydi u, Harris muammoni kollektiv hal qilish muhimligiga, AQShning ittifoqchilarini jamlash kuchiga ishonadi.
Harris Baydenning Ukrainani transatlantik birlik orqali qo’llab-quvvatlash siyosatini davom ettirishi, G’azoda gumanitar qonunlar ijro etilishiga urg’u berishi mumkin.
“Donald Tramp Bosh vazir Netanyaxuga “Yaqin Sharqda bilganingni qil” deyapti. Kamala Harris esa Isroilga “o’zingni himoya qilishga haqlisan, ammo falastinliklar yuzlashayotgan gumanitar inqirozni ham hisobga olishing kerak” deydi. Har ikki holatda natija har xil bo’ladimi? Umuman kimdir hozir AQShning gapiga quloq solyaptimi?”, - deydi Blumenfeld.
5-noyabr saylovida kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar, bu savollarga javob berish hozircha qiyin.