AQShda prezident sayloviga ikki oy vaqt qoldi. Asosiy nomzodlar Donald Tramp va Kamala Harris birinchi o’zaro teledebatga hozirlanmoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarida iqtisodiyotga urg’u berishmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Donald Tramp namoyishlarda nafaqat iqtisodiyot, balki Kamala Harrisni ham muhokama qilyapti.
“O’rtoq Kamala Harris haqida bilganlarimiz quyidagicha: Uning Amerika xalqi bilan, ayniqsa mehnatkash odamlar va o’rta sinf amerikaliklar bilan ishi yo’q. U sizlarga tupurib qo’ygan”, - deydi Tramp.
Harris saylov shtabiga ko’ra, Tramp boy kompaniyalarga soliqlarni kamaytirib, ishchi oilalarga zarar yetkazadi.
“O’rta sinfni shakllantirish prezidentligimning asosiy maqsadi bo’ladi”, - deydi Harris.
“Harris narxlarning oshishiga va korporativ chayqovchilarga qarshi kurashib, oziq-ovqat mahsulotlari va uy-joyga narxlarni tushiradi”, deyiladi siyosiy reklamalarning birida.
Iqtisodiyot saylovchilar uchun eng muhim mavzu. Harris bu muammoni tez hal qilishi kerak bo’ladi, deydi siyosiy konsultant Xenk Sheynkopf.
“Harris odamlarga benzin, non nega qimmatlaganini, ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga narxlarni nega ko’tarayotganini tushuntirib berishi kerak”, - deydi ekspert.
Respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens Harris saylovda g’alaba qozonsa, mamlakatda ishsizlar ko’payishini aytmoqda.
"Bunga sabab kuchli manfaatlar, mamlakatimizda ishdan chiqqan byurokratiya, ish o’rinlaringizni Xitoyga jo’natib boyigan odamlar. Ular Kamala Harrisni prezident sifatida ko’rmoqchi. Ularning ustidan g’alaba qozonishning yagona yo’li noyabrda bo’ladigan saylovda qatnashish”, - dedi Vens.
Demokratlardan vitse-prezidentlikka nomzod Tim Uolz uning partiyadoshlari ishchilar tarafida ekanini aytadi.
"Donald Tramp va Jey Di Vensning niyati boshqa. Ular ishchilardan foydalanishni, ularga maosh to’lamaslikni yaxshi biladi. Har bir fursatda ishchilar va ularning kollektiv muzokara qilish qobiliyatiga qarshi urush olib borishadi”, - deydi Uolz.
Saylovga ikki oy qolganda Harris reytinglarda Trampdan bir oz ustun, xolos.
"Tramp Amerikaning haqiqiy vatanparvari. U o‘zidan ko’ra bu mamlakatda yashovchi odamlarga ko’proq qayg’uradi deb o’ylayman. Har safar kimgadir yordam berishga harakat qiladi”, - deydi Deyvid Martines ismli michiganlik saylovchi.
Jorjiyalik Bekka Rash Harrisga ovoz bermoqchi.
“2024-yilda bizga yangi qon, yorqinroq kelajak kerak”, - deydi ayol.
10-sentabr kuni Tramp va Harris ilk teledebatda yuzlashadi. Filadelfiya shahridagi Milliy konstitutsiya markazida o’tadigan tadbirni ABC telekompaniyasi o’tkazadi.