AQShda prezident saylovida mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Robert Kennedi o’tgan juma saylov poygasidan chiqib, Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni qo’llab-quvvatlashini e’lon qildi.
“Urushlarga barham beradigan, mamlakatimizda o’rta sinfni tiklaydigan odamning prezident bo’lishini istaysizmi”, - dedi Kennedi Tramp bilan ilk bor birga ko’rinib.
Robert Kennedi sobiq prezident Jon Kennedining jiyani, sobiq bosh prokuror Robert Kennedining o’g’li bo’ladi. Har ikkisi demokrat bo’lgan, kenja Robert Kennedi ham saylovga demokrat nomzod sifatida kirgan. Biroq Jo Bayden Demokratlar partiyasidan nomzodlikni qo’lga kiritishi ketidan Kennedi poygani mustaqil nomzod sifatida davom ettirishga qaror qildi.
Tramp prezidentlikka saylansa, Jon Kennedining o’limiga aloqador barcha hujjatlarni oshkor etishga so’z berdi. Ba’zilar shu kungacha Kennediga 1963-yilda qilingan suiqasd bo’yicha rasmiy versiyaga ishonmaydi.
Kennedilar sulolasining boshqa a’zolari saylovda kenja Robert Kennedini qo’llab-quvvatlayotgani yo’q, Demokratik partiyaga sodiq qolishdi.
Ayrim tahlilchilar Kennedi saylovchilarining hammasi ham Trampga ovoz bermasligini, ba’zilari hatto saylovda qatnashmasligini taxmin qiladi.
“Kennedining poygadan chiqqani Trampga biroz qo’l kelishi mumkin, ammo umuman olganda Tramp va Harris o’rtasida saylov teng bo’ladi”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Jon Fortye.
Tramp tarafdorlari Kennedining qarorini olqishlamoqda.
“Bu Demokratlar partiyasi uning otasi va amakisi paytidan beri ancha o’zgarib ketganini ko’rsatmoqda”, - deydi Karen Preul.
O’tmishda Kennedi va Tramp bir-birini keskin tanqid qilgan. Biroq saylov kampaniyasi davrida saylovdagi dushmanlar do’stga aylanishiga birinchi marta guvoh bo’layotganimiz yo’q.