Prezident Donald Tramp AQSh immigratsiya tizimini tubdan o’zgartirish rejasini e’lon qildi. Grin-karta lotereya o’yinini bekor qilish, oilaviy asosda beriladigan immigratsion vizalarni keskin kamaytirish, malakali mutaxassislarga AQSh eshigini kattaroq ochish taklif qilinmoqda. Ammo loyiha Kongressdan o’tmasligi mumkin.
AQSh Ilm-fan kengashiga ko’ra, mamlakatda ishlayotgan olimlar va muhandislarning 30 foizi xorijda tug’ilgan. Prezident Donald Tramp ular sonini yanada ko’paytiramiz, deydi.
“Yangi tizim Amerikada maoshlarni ko’tarishi, qadriyatlarimizni targ’ib qilishi, butun dunyodan eng aqlli insonlarni jalb qilishi kerak”, - deydi prezident.
AQSh har yili 1,1 million odamga mamlakatda yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-karta ulashadi.
Bu hujjatni aksar hollarda malakali mutaxassislar emas, AQSh fuqarolariga aloqador odamlar olmoqda.
Tramp oilaviy asosda berilayotgan immigratsion vizalar sonini qisqartirib, malakaga asoslangan vizalarni ko’paytirmoqchi. Taklifga ko’ra qochqinlarga beriladigan gumanitar vizalar ham kamayishi, grin-karta lotereya o’yini butunlay yopilishi kerak.
“Tasodifiy tanlov Amerika qadriyatlariga zid narsa”, - deydi Tramp.
Tashabbus “Amerikani qurish vizasi” deb nomlangan. Da’vogarlarning yoshi, til bilishi, ta’lim darajasi, ishga layoqati, sarmoya olib kelish qobiliyati hisobga olinadi. Amerika tarixi va jamiyati bo’yicha imtihondan ham o’tish kerak.
Demokratlar bunday tizimni rad etmoqda.
“Oilaning ahamiyati yo’qmi? Davlatimiz tarixida AQShga kelgan shuncha insonlarning – agar muhandislik diplomi bo’lmasa – ular kelishga loyiq emas edi deyapmizmi?”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Rejada DAKA (DACA) haqida hech narsa deyilmagan. Obama prezidentligi davrida bu dastur AQShga bolaligida noqonuniy olib kelingan bolalarni vaqtincha himoya ostiga olgan edi.
“Bu reja qonunga aylanadi deb o’ylamayman. Tramp nutqida bunga ishora qildi. Agar Kongressdan o’tmasa, 2020-yilgi saylovda Vakillar palatasini va prezidentlikni qo’lga kiritgandan keyin ishni boshlaymiz, dedi. Ammo ikki yil davomida Kongress ham, Oq uy ham respublikachilar qo’lida edi, immigratsiya bobida hech narsa o’zgargani yo’q”, - deydi tahlilchi Deyvid Biyer.
Yana bir omil – AQSh qishloq xo’jaligi mavsumiy ishchilarga tayanadi.
“Qurilish bo’ladimi, qishloq xo’jaligi bo’ladimi, bu kabi sanoatlarda ishchilar yetishmaydi, bu ishlarni aynan immigrantlar bajaradi. Immigratsiya tizimini yuqori malakaga asoslab qurish muhim, lekin dalada kim ishlaydi? Quyi malakali muhojirlar ham kerak”, - deydi tahlilchi Rik Su.
Tramp chegarada devor qurish fikrida ham qat’iy. Chegaradan o’tish to’lovlarini ham shu loyihaga sarflaymiz, deydi prezident.