Prezident Donald Tramp 24-25-fevral kunlari Hindistonga tashrif buyuradi. Har ikki tarafning bildirishicha, katta savdo shartnomasi imzolanishi kutilmayapti. AQSh rahbari uni Hindistonda millionlab odam tantana bilan kutib olishi haqida maqtanmoqda.
Hindistonda ko’chalar va tarixiy obidalar tozalanmoqda. Xaroba joylar devor bilan to’siladi. Prezident Donald Tramp kelishiga tayyorgarlik.
AQSh rahbari Hindistonga 24-fevral kuni tashrif buyuradi. Maqsad - savdo tufayli kelib chiqqan kelishmovchiliklarni hal qilib, o’zaro munosabatlarni yaxshilab olish.
“Katta bir kelishuv haqida keyinroq gaplashamiz. Savdo shartnomasi ustida ish ketmoqda. Ehtimol saylovgacha tugatib, e’lon qilamiz”, - deydi Tramp.
Uchrashuvlar chog’ida Hindiston AQShdan bir necha milliard dollarlik qurol-yarog’ sotib olishi haqida e’lon qilishi mumkin. Biroq savdo masalasida tomonlar haligacha kelishib olgani yo’q.
“Bitim tuzishga shoshmaymiz. Millionlab aholi hayotiga ta’sir qiladigan murakkab qarorlar haqida gap ketmoqda”, - deydi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Ravish Kumar.
Tashrif ikki populist rahbar, Donald Tramp va Bosh vazir Narendra Modi uchun ham mahalliy, ham xalqaro darajada foydadan xoli emas.
“Modi uchun Amerika prezidentining kelishi katta yutuq. Dabdaba va mulozamatni yaxshi ko’radigan AQSh rahbari esa dunyodagi ikkinchi eng ko’p aholiga ega mamlakat uni quchoq ochib kutib olishi haqida gapirmoqda”, - deydi tahlilchi Aparna Pande.
2019-yilning sentabrida Texasda Modining hind diasporasi bilan uchrashuvida Tramp qatnashgan edi.
Hindistonnning Ahmadobod shahrida, dunyodagi eng yirik kriket stadionida “Namaste Tramp” degan o’xshash tadbir o’tkaziladi.
“Aeroport va stadion orasida yetti million odam yig’iladi”, - deydi Tramp.
O’tgan yili AQSh prezidenti Hindiston va Pokiston o’rtasida Kashmir nizosi bo’yicha vositachilik taklif etgan. Islomobod buni ma’qullagan, ammo Dehli rad etgan edi. Bu nozik masala yana ko’tarilishi mumkin.
Vashingtonning Tolibon bilan muzokaralarini Hindiston ham xavotir bilan kuzatmoqda.
“Tolibonning siyosiy sahnaga qaytishini Hindiston ma’qullamaydi. Xavotir shundaki, bu orqali Pokistonning Afg’onistonga ta’siri oshishi mumkin. Toliblar bilan kelishuv Islomobodga qo’l kelishi mumkin”, - deydi Aparne Pande.
Donald Tramp va avvalgi AQSh rahbarlarining Hindistonga ketma-ket tashriflari Dehli bilan aloqalar yaqinligini namoyish etadi.