Avstriyaning "Kronen Zaytung" (Kronen Zeitung) gazetasi xabariga ko'ra, AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin 15-iyul kuni Vena shahrida uchrashishi mumkin.
Mamlakatdagi yirik gazetaning bildirishicha, bir necha kun burun Avstriya poytaxtida rossiyalik va amerikalik diplomatlar ko'rishgan, har ikki mamlakatning xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi mutasaddilari Venaga borgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv haqidagi xabarni izohlashdan bosh tortdi.
"Vaqti kelganda xabar beramiz", - dedi u.
Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jon Bolton kelayotgan hafta Moskvaga tashrif buyurishi va Trump-Putin muloqoti tafsilotlarini muhokama etishi kutilmoqda.
So'nggi bor Tramp va Putin 2017-yil iyulida Germaniyaning Gamburg shahrida Katta Yigirmalik sammiti doirasida ikki soatcha muloqot qilgan edi.
"Blumberg" (Bloomberg) axborot agentligining ma'lum qilishicha, Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga intilayotgan Trampning Putin bilan uchrashish rejasini Oq uydagi rasmiylar qo'llab-quvvatlamagan, biroq prezidentga hech kim e'tiroz bildirishga jur'at etolmagan, hatto Rossiyaga qarshi keskin bayonotlari bilan tanilgan Jon Bolton ham.
20-mart kuni Tramp Putinni yangi muddatga saylangani bilan tabriklash uchun qo'ng'iroq qilganida u bilan uchrashmoqchi ekanini aytib, rossiyalik hamkasbini Vashingtonga taklif etgan. Ba'zi manbalarga ko'ra, Putin Vashingtonda uchrashish rejasini rad etib, neytral hududda ko'rishmoqchi ekanini aytgan.
"Uoll Strit Journal" (Wall Street Journal) gazetasining bildirishicha, Rossiya rahbari iyun boshida Avstriyaga borib, bu mamlakat kansleri Sebastyan Kursdan Tramp bilan Venada uchrashuvni tashkil etishda yordam so'ragan. Kurs bunga rozi bo'lib, Vena shahrini AQSh tomoniga sammit uchun taklif etgan.
Tramp kelasi oy Yevropada bo'lib, 11-12-iyul kunlari Bryusselda NATO sammitida ishtirok etadi, 13-iyul kuni esa Londonga safar qiladi.
Angliyada chiqadigan "The Times" (Tayms) gazetasiga ko'ra, Yevropa davlatlari Tramp Putin bilan NATO sammitidan oldin uchrashishini istamagan. Yevropa rahbarlariga ko'ra, bu alyans birligiga putur yetkazishi mumkin. Kreml ikki prezidentning uchrashuvi iyul oyining birinchi yarmida o'tkazilishini inkor etib, Yevropa xavotiriga barham berdi.
Avstriya neytral mamlakat bo'lib, Rossiya bilan iliq aloqalarga ega. Putinning to'rtinchi muddatga saylanishidan keyingi ilk xorijiy safari ham shu davlatga to'g'ri keldi.