Tramp tarafdorlari Vashingtonda yurish qildi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp tarafdorlari prezident saylovlari natijasidan norozilik bildirib, bugun poytaxt Vashingtonda namoyish o’tkazmoqda.

Tramp kampaniyasi qator shtatlarda firibgarlik yuz berganini da’vo qilib, saylov natijasini bekor qilish talabi bilan sudlarga murojaat qilgan, ammo shikoyatlar asossiz deb topilgan.

Buni ham ko'ring Trampning saylov natijasini o’zgartirishga urinishlari samara bermadi

11-dekabr kuni Oliy sud ham shunday qaror chiqardi, to’rt shtatda natijani bekor qilish talabini rad etdi.

Poytaxt ko’chalarida bayroq ko’tarib olgan Tramp tarafdorlari “yana to’rt yil” deya hayqirmoqda. 14-dekabr kuni shtatlarda elektorlar yig’ilib, saylov 306 ga 232 hisob bilan yakun topgani rasmiylashtirishi kutilyapti.

Prezident Tramp namoyishchilarni oqlishlab tvit yozdi:

“Qoyil! Vashingtonda minglab odam “o’g’rilikni to’xtating” shiori ostida yig’ilyapti. Bundan bexabar edim, lekin ular bilan ko’rishaman”.

Shu kungacha 50 dan ziyod federal va mahalliy sudlar Baydenning saylov g’alabasini tasdiqlagan.

Vashingtondagi namoyishlarga Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin boshchilik qilyapti. Rossiya elchisi bilan aloqalari haqida tergovchilarga yolg’on ko’rsatma berganlikda ayblangan Flin yaqinda prezident tomonidan afv etilgan.

Trampning mag’lubiyatini tan olmayotgan sodiq tarafdorlari noyabrda ham protest marshi o’tkazib, so’lchi guruhlar a’zolari bilan to’qnashgan edi.