Tramp biznes saltanatini saqlab qolishga harakat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Nyu-York Oliy sudida

Nyu-York sudida AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi sud jarayoni boshlandi. U kompaniyalari mulkining qiymatini bo’rttirib ko’rsatgani uchun firibgarlikda ayblanmoqda va 250 million dollar jarimaga tortilishi mumkin. Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms Trampdan tashqari uning ikki o’g’li va kompaniyasini sudga bergan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-oktabr, 2023-yil

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-York sudiga serqatnov bo’lib qoldi. U o’z biznes saltanatini shtat ixtiyoriga o’tishdan saqlab qolish ilinjida sudda javobgar kursisida o’tiribdi.

Tramp banklar, sarmoyadorlar, biznes hamkorlaridan imtiyozli kreditlar olish va shartnomalarga kelishish maqsadida aktivlarini bir necha milliard dollarga oshirib ko’rsatganlikda ayblanmoqda.

“Donald Tramp va qolgan ayblanuvchilar muntazam ravishda firibga qo’l urib keldi. Qanchalik boy va qudratli bo’lmang, hech kim qonundan ustun emas”, - deydi Trampga qarshi da’vo ochgan Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms.

250 million dollarlik da’voda ko’rsatilishicha, Tramp kompaniyasiga qarashli Nyu-Yorkdagi bir necha mulk qiymati haddan tashqari baholangan.
Masalan, Tramp binolardan birini 735 million dollardan oshiq deb baholagan, ammo aslida ushbu mulkning rasmiy qiymati 550 million dollar, ya’ni salkam 200 million dollarga kam ekani aniqlandi.

Yoki bo’lmasa Tramp Floridadagi “Mara Lago” uyini 739 million dollar deb baholagan, ammo prokuror Jeymsning da’vo qilishicha, uyning asl narxi bundan 10 baravar kam.

Tramp ayblovlarni keskin rad etadi.

“Bu eng yirik jodugar ovining davomi. Banklar pulini qaytib oldi. Defolt qayd etilmadi. Muammo bo’lmadi. Jinoyat ham bo’lmadi. Jinoyat aslida menga qarshi qaratilgan, chunki ishni nopok tuman prokurori ko’ryapti”, - dedi Tramp.

Sobiq federal prokuror Neama Rahmani vaziyatni shunday izohlaydi:

“Prokuror Trampni ikki yo’l bilan mag’lub qilishi mumkin. Birinchisi uning fikrini o’qishga harakat qilib, xabardorligi va niyatini ko’rsatadi. Ikkinchisi sudga mutaxassislarni taklif etib, ulardan mana shu mulklarning qiymati Tramp, advokatlari va hisobchilari aytganidan ancha past ekaniga guvohlik berishni so’raydi”, - deydi Rahmani.

Unga ko’ra, bu kabi sud ishlari kam uchraydi.

“Sobiq federal prokuror sifatida shuni aytishim mumkinki, mulkni bo’rttirib baholash ko’p uchramaydi. Ba’zilar suvdan quruq chiqadi, chunki hech kim shikoyat qilmagan, davo ochmagan bo’ladi, bu ish tergovchilar nazariga tushmagan bo’ladi. Biroq ular bundan xabar topsa, bu kabi firib ham shtat, ham federal darajada jinoyat hisoblanadi”, - deydi sobiq federal prokuror.

Trampning aytishicha, ushbu fuqarolik ishi ham, boshqa to’rtta alohida jinoiy ish ham unga siyosiy jihatdan yordam bermoqda.

“Saylovchilar hamma narsaning fahmiga boradi. Chunki har safar menga soxta ayblov qo’yishganida so’rovlarda reytingim oshadi. Bunaqasi bo’lmagan oldin”, - deydi Tramp.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida siyosatshunoslik bo’yicha professor Ester Fuks uning bu gapiga qo’shilmaydi.

“Trampning nomaqbullik reytingi ham mana shu ayblovlarni deb oshmoqda. Ayni paytda saylovchilarning 59 foizi u haqda salbiy fikrda. Donald Tramp ayblovlar uning reytingini ko’tarayotgan deb o’ylayotgan bo’lsa ham vaziyat tashvishga molik”, - deydi Fuks.

Sud ishlari nima bilan tugashi hozircha mavhum, biroq oy boshida Oliy sud Trampni saylovdan chetlatishga qaratilgan da’voni qondirmadi.