AQSh Prezidenti Donald Tramp ayrim ittifoqchi davlatlar rahbarlari bilan chiqisha olmayotgan bir paytda Amerikaga g’anim bo’lgan mamlakatlar yetakchilari bilan bemalol til topishmoqda. O’tgan hafta NATOning Londondagi sammitida Tramp Kanada bosh vazirini ikkiyuzlamachi deb atadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ammo Rossiya yoki Xitoy prezidentlarini yaxshi va kuchli deb olqishlab turadi. Tramp so’nggi tvitlarining birida shunday deb yozdi:
“Xitoy Prezidenti Sini juda yaxshi bilaman. U ajoyib rahbar, xalqining hurmatiga sazovor. Bu qiyin ishda ishlashiga qaramay, yaxshi inson ham. Agar Prezident Si Gonkong muammosini tez va insoniylik ruhida hal etishni istasa, buni uddalashiga shubham yo’q”.
Tramp Shimoliy Koreya rahbariga chiroyli xatlar yozib, u bilan ko’rishgan yagona AQSh prezidentidir.
“Sizning rahnamoligingizda mamlakatingiz kelajagi ajoyib bo’ladi deb o’ylayman. Buyuk rahbarsiz”, - degan Tramp Kim Chen Unga qarata.
Sobiq prezident Barak Obama va Prezident Tramp ma’muriyatlarida milliy xavfsizlik bilan shug’ullangan Frensis Braun Tramp kuchli, avtoritar rahbarlarga o’zini ruhan yaqin deb bilishini taxmin qiladi.
“Ko’p hollarda bu rahbarlar Prezident Trampga xushomad qilib turishadi va bu Trampga yoqadi deb o’ylayman. Ammo muammo shundaki, AQSh hukumatidagi qolgan barcha rasmiylar demokratiyaga xushi yo’q rahbarlarga qarshi turishga harakat qilmoqda”, - deydi ayni paytda Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasida ishlayotgan ekspert.
Ommaviy so’rov natijalari aksariyat amerikaliklarning tashqi siyosat bobidagi qarashlari o’zgarmaganiga ishora qiladi.
Chikago tadqiqot kengashi o’tkazgan ijtimoiy so’rovda qatnashganlarning 78 foizi nazarida, AQSh NATOga ko’rsatayotgan yordamini saqlab turishi yoki oshirishi kerak; salkam 60 foizi esa Amerika xavfsizligi uchun xorijda demokratiya va inson huquqlarini targ’ib qilish muhim ekanini aytadi.
Bu esa, deydi AQShning NATOdagi sobiq elchisi Ivo Daalder, amerikaliklar xalqaro ittifoqlardan voz kechmaganini ko’rsatmoqda.
“Amerikaliklarning faqat 20 foizigina prezident kabi fikrlaydi. Ya’ni ittifoqlardan, asosan, ittifoqchilar foyda ko’ryapti deb. Savdo bobida ham qarashlar shunday”, - deydi u.
Saylovchilar 2020-yil prezident saylovida Trampning tashqi siyosatiga qarab ovoz beradimi, degan savolga bir tahlilchi Trampning tabiati va fe’liga ham qarashadi, deydi.
“Oldingi saylovlardan farqli o’laroq, bu safar saylovchilar uchun prezidentning xulqi, ittifoqchilar va jahon hamjamiyati bilan o’zini qanday tutishi muhimroq bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi Chikago xalqaro aloqalar kengashi eskperti Dina Smelts.
Umuman olganda, amerikaliklarni tashqi siyosatdan ko’ra sog’liqni saqlash, iqtisodiyot, immigratsiya kabi mavzular ko’proq qiziqtiradi va Trampning aynan shu sohalardagi siyosati saylovchi qaroriga ta’sir qilishi kutilmoqda.