Meral Akshener - Turkiyada ko'zga ko'ringan ayol siyosatchilardan. Sobiq ichki ishlar vaziri endi Milliyatchi Harakat Partiyasi rahbarligiga da'vogarlik qilmoqda. Sud yaqinda partiyaning favqulodda qurultoyini o'tkazishga ruxsat berdi.
Turkiya shahar-qishloqlarini aylanib, tarafdor orttirayotgan Meral Akshenerni Prezident Rajab Toyib Erdog'anning siyosiy rejalariga eng katta tahdid deb ko'rishmoqda. Konstitutsiyani o'zgartirib, prezidentlik vakolatlarini oshirish uchun Erdog'anga parlamentdagi barcha partiyalarning quvvatlovi kerak.
Uning Qora dengiz mintaqasida o'tkazayotgan yig'inlari gavjum. Milliyatchi Harakat Partiyasini tubdan isloh qilish kerak, deydi Akshener.
Partiyaning eng ashaddiy tarafdorlari shu mintaqada yashaydi. Ammo so'nggi saylovlarda millatchilar parlamentdagi o'rinlarining katta qismini boy bergan.
Sharhlovchi Kadri Gursel fikricha, agar Meral Akshener Milliyatchi Harakat Partiyasi rahbarligini qo'lga olsa, inqilobiy o'zgarishlar qila oladi.
"Ushbu siyosiy partiya hozirgi rahbari Devlet Bahcheli bilan mag'lubiyatga uchrashi turgan gap. Akshener demokratik o'zgarishlar timsoli bo'lib maydonga chiqmoqda", - deydi Gursel.
O'tgan yili noyabrdagi saylovda Milliyatchi Harakat Partiyasi parlamentdan zo'rg'a joy olgan, tarafdorlarining katta qismi Erdog'anning partiyasiga ovoz bergan.
1990-yillar oxirida hukumatda ishlagan Meral Akshener Erdog'anning rejalarini ostun-ustun qilishga qodir, deydi tahlilchi Atilla Yeshilada.
"Markaz-o'ngchi bo'lgan bu ayol ichki ishlar vaziri bo'lib xizmat qilgan davrda Kurdiston Ishchilar Partiyasi Turkiyadan quvilgan, juda kuchli siyosatchi. Qayerga bormasin, uni katta qiziqish bilan qarshi olishyapti, fikrlarini tinglashyapti", - deydi Yeshilada.
Akshener Milliyatchi Harakat Partiyasining favqulodda qurultoyini o'tkazish tashabbusi bilan chiqqanida partiyaning amaldagi rahbarlari sudga murojaat qilgan. Kuzatuvchilar fikricha, syezdni qoldirish harakatlari ortida Erdog'anning o'zi turgan bo'lishi mumkin. Ammo sud oxir-oqibat qurultoy o'tkazilsin, deya hukm chiqardi.
Erdog'an yo referendum orqali, yo deputatlarning uchdan ikki qismini o'z tarafiga og'dirib, prezidentlik tizimini kuchaytirish payida. Sharhlovchilarga ko'ra, har ikki holatda Milliyatchi Harakat Partiyasi zaif va gapga ko'nadigan bo'lishi prezidentga qo'l keladi.
Partiya syezdi shu oy oxiriga belgilangan.
So'rovlarga qaraganda, deydi Yeshilada, Akshener rahbar etib tayinlansa partiya nufuzini tiklab oladi. Natijada Erdog'anning konstitutsion diktator bo'lish rejasi amalga oshmaydi. Shuning uchun Erdog'an Akshenerning partiya raisligini qo'lga olishiga qarshi", - deydi suhbatdosh.