Turkiyada prezident va parlament saylovlari yaqinlashar ekan, siyosiy kurash murosasiz kechishi kutilmoqda. Jarayonni nazorat qilish maqsadida muxolifat va nodavlat tashkilotlar “Turkiya ko’ngillilari” deb nomlangan saylov kuzatuvchilari guruhini tashkil etdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“81 shahardagi har bir saylov uchastkasida ish qilamiz. Har bir maktabda bittadan ko’ngillimiz bor. Bizga kamida 200 ming odam kerak. Bu nuqtaga hozircha yetganimiz yo’q”, - deydi guruhning Oysha Yujel ismli muvofiqlashtiruvchisi.
Saylov kuni yordam bermoqchi bo’lgan odamlarga telefon, onlayn videolar, Zoom va yuzma-yuz muloqot orqali saylov uchastkasida berilgan ovozlarni hisoblash, rasmiy natijalar to’g’ri bo’lishini ta’minlash uchun raqamlarni jamlash o’rgatilmoqda.
“Bergan ovozim va saylov qutisini himoya qilish maqsadida bu ishni burchim deb bilaman”, - deydi Damla ismli yana bir ko’ngilli.
Ijtimoiy so’rov natijalari 14-may kuni prezident va parlament saylovida kurash murosasiz kechishini ko’rsatmoqda.
Hukumat jarayon adolatli bo’lishi uchun barcha choralar ko’rilayotganini bildirmoqda. Biroq shunga qaramay, ayrimlarda saylov xavfsizligi bobida xavotir mavjud.
“Turkiya ko’ngillilari” bir guruh huquqshunoslarni yollab, ulardan saylovni kuzatishda yordam so’radi.
Zilziladan zarar ko’rgan hududlarga ham ko’ngillilar yuborilmoqda.
“Hatayda qolganlar ovozlari o’g’irlanishidan xavotirda, ularni himoya qiladigan odamlarga muhtoj. Ko’ngillilar sifatida saylov adolatli o’tishini ta’minlashda yordam beramiz. Bu yerda mingga yaqin vakilimiz bor. Hammasini saylov uchastkalariga biriktirib chiqdik”, - deydi guruh muvofiqlashtiruvchisi Tamer Bag’lan.
Tahlilchilarga ko’ra, “Turkiya ko’ngillilari” va shu kabi boshqa saylov monitoringi guruhlari siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda 2019-yilda Istanbul hokimligiga saylovda berilgan ovozlar to’g’ri hisoblanishiga yordam bergan.
Natijada Prezident Erdog’anning partiyasi shahar boshqaruvini qo’ldan chiqardi.
2019-yil saylov, ayrimlar nazarida, keyingi saylovlarni yaqindan nazorat qilish muhimligini ko’rsatdi.
“Yomon xayollarga borgandan ko’ra saylov uchastkasiga chiqib, burchingizni ado eting. Eng muhimi shu”, - deydi Oysha Yujel.