Turkiyadagi prezidentlik saylovida Rajab Toyib Erdog’andan tashqari birlashgan muxolifat ham g’oliblikka jiddiy da’vogar. 16 yildan buyun iqtidorda qolayotgan Erdog’an hokimiyatini yana davom ettirishi yoki yangi lider tanlanishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Saylov arafasidagi ijtimoiy so’rovlar natijasi shiddat bilan o’zgarib turibdi. Turkiyada yashab kelayotgan o’zbek muxolifatchisi Muhammad Solih kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar natija Turkiya-O’zbekiston aloqalariga jiddiy ta’sir ko’rsatmaydi degan fikrda.
Turkiyadagi bu galgi saylovlar mamlakatning prezidentlik boshqaruviga o’tishi bilan ham diqqatli. Yangi prezidentning vakolatlari jiddiy kuchaytiriladi. Ushbu tashabbus Erdog’an tomonidan olg'a surilgan edi. Ammo u saylovda g’oliblikka da’vogarlardan biri, yaqqol lider emas. Bu gal birlashgan muxolifatning ham g’alabasi haqiqatga yaqin ko’rilmoqda.
Muhammad Solihga ko’ra, g’olibni oldindan bashorat qilish qiyin.
“Saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon vaziyat har kuni o’zgarib turibdi. Ayni paytdagi natijalarga ko’ra, Erdog’anni, iqtidordagi partiyani qo’li baland. Ammo Jumhuriyat partiyasidan uning raisi emas, faoli Muharram Injaning nomzodi prezidentlikka surilishi muxolifat imkoniyatini ancha oshirdi. Muharram Inja muxolifatni jamoatchilikka yangi bir qiyofada taqdim eta oldi, muammolarni yaxshi tushungan, yechimini taklif etishga qodir siyosatchi sifatida namoyon bo’lmoqda”, - deydi u.
So’nggi so’rovlar natijasiga ko’ra, g’oliblikka asosiy da’vogar - Toyib Erdog’an. U birinchi bosqichida 50 foizdan oshiq ovoz oladi degan taxminlar mavjud.
Muhammad Solih fikricha, saylov kampaniyasi nihoyasida Erdog’anning reytingi yuqorilagan, ammo uning uzoq yillardan buyon hokimiyatda qolayotgani aks natijani berishi mumkin.
“U Turkiyani 2002-yillardan boshqarib kelayotganini o’zi bir tarixiy voqea, chunki Otaturkdan boshqa hech qaysi lider davlat boshqaruvida buncha uzoq qolgani yo’q. Albatta, har qanday iqtidor bunchalik uzoq boshqaruvdan so’ng xalq orasida obro’sizlanadi. Ayniqsa, demokratik tuzumda liderning obro’sizlanishi ham, obro’ orttirishi ham juda tez yuz beradi. Bitta voqeaning o’zi ko’p narsani hal qilishi mumkin, ham ijobiy, ham salbiy yo’sinda. Shu ma’noda, iqtidordagi hukumatda bir horg’inlik bor edi shu kungacha, ammo so’nggi vaziyatga ko’ra partiya reytingi yana mustahkamlanmoqda. Erdog’an birinchi bosqichda g’alabaga erishadi degan qarashlar mavjud”, - deydi Muhammad Solih.
Saylovda kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar Toyib Erdog’an va Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan iliqlik muhiti yanada mustahkamlanadi, deb kutyapman men.
Saylov mamlakat tarixida ilk bor prezidentlik uchun ayol kishi kurashayotgani bilan ham ahamiyatli. “Iyi” (Yaxshi) partiyasi yetakchisi Maral Oqchinor muxolifat imkoniyatini yaxshilashi mumkin.
“Turkiyada siyosatida ayollar bo’lgan, ammo menimcha u jumhuriyat tarixida mamlakat rahbarligiga o’z nomzodini qo’ygan ilk ayol kishi. Shaxsan taniyman, millatparvar siyosatchi. Ichki ishlar vaziri bo’lgan. Partiya yaqinda tashkil topdi, iqtidordagi hukumatga muxolifligini e’lon qilgan. Hozir ikkinchi, uchinchi o’rindagi mashhur partiyalardan biriga aylangan. Parlamentdan 20-25 foizlik o’rin olishi bashorat qilinmoqda”, - deydi Solih.
Turkiyada prezidentlik saylovlari bilan bir qatorda parlament uchun saylovlar ham o’tadi. Erdog’an yetakchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi 2002-yilda hokimiyatga kelgan edi. Erdog’an Turkiyani ikki muddat bosh vazir maqomida boshqardi. Keyinchalik o’z nomzodini prezidentlikka surdi, prezident parlamentda emas, xalq saylovida aniqlanadigan bo’ldi. 2004-yildagi saylovda Erdog’an 50 foizdan oshiq ovoz bilan g’alaba qozongan edi.
Erdog’anning boshqaruvi G’arb bilan sovuqlashish, Rossiyaga yaqinlashish bilan kuzatildi. Turkiyaning tashqi dunyo bilan munosabati qanday bo’lishi saylov natijasiga ta’sir ko’rsatuvchi omillardan, ammo bu Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston bilan tiklanayotgan aloqalarga daxl qilmasligi aytilmoqda.
Saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon vaziyat har kuni o’zgarib turibdi.
“Saylovda kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar Toyib Erdog’an va Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan iliqlik muhiti yanada mustahkamlanadi, deb kutyapman men. Chunki Karimov tomonidan qilingan johilona siyosat har ikki tomonga katta zarar berdi. Farosatli siyosatchi bu xatolarni takrorlamaydi, kim kelishidan qat’i nazar aloqalar ijobiy yo’nalishda davom etadi. Tashqi siyosatda Erdog’anni Rossiyaga yaqinlashish tendensiyasida biroz bosilish ham kuzatiladi, shuningdek, G’arb bilan aloqalarni butunlay uzib tashlash ham Turkiya foydasiga emasligi anglanmoqda”, - deydi Muhammad Solih.
Turkiya xalqi 24-iyun kuni prezidentva parlament uchun ovoz beradi. Prezidentlik uchun asosiy kurash Erdog’an va Jumhuriyat Xalq Partiyasi vakili Muharram Inja o’rtasida kechishi kutilmoqda.