Oy boshida Qatar XAMAS harakatining siyosiy rahbarlari mamlakatni tark etganini ma’lum qilgan. Ba’zilari Turkiyaga ko’chgani aytilmoqda. AQSh hukumati bunga e’tiroz bildirib, Anqarani XAMAS rahbarlariga boshpana bermaslikka chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Shafqatsiz terrorchi tashkilot rahbarlarining hech bir joyda bemalol yashashi kerak deb hisoblamaymiz”, - deydi AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an XAMASni qo’llab-quvvatlab kelgan, uni ozodlik harakati deb ta’riflaydi. XAMAS rahbari Ismoil Xaniya o’ldirilganida Erdog’an Turkiyada motam e’lon qilgan.
“XAMAS vakillari yillar davomida Turkiyaga qatnaydi. Isroil tomonidan Tehronda o’ldirilgan Ismoil Xaniya 2023-yil 7-oktabrida Turkiyada edi”, - deydi turkiyalik tahlilchi Soli O’zel.
Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan XAMAS siyosiy idorasini Turkiyada ochish rejasi yo’q deb aytgan, ammo XAMAS a’zolari bilan muloqotni davom ettirishini va ularni qabul qilishdan voz kechmasligini ta’kidlaydi.
“Anqara XAMASga nisbatan pozitsiyasini davom ettiradi, tinchlikka erishish uchun muloqotni davom ettiradi. Tinchlik va barqarorlikni o’rnatish kerak. Agar XAMAS bilan aloqani uzsak, kim bilan gaplashasiz?”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Isroil XAMAS rahbariyatini nishonga olarkan, Turkiyada ularga hujum qilishga jur’at etgani yo’q.
Isroil XAMASni Turkiyaga ortiqcha ishonmaslikka chaqiradi.
“Isroil rahbarlari XAMAS yetakchilari qayerda bo’lsa ham ularni nishonga olishini aytgan. Biroq Turkiya Isroilni ogohlantirib, uning hududida ish qilmaslikni tayinlagan. Bu usiz ham tarang mintaqada zaruratsiz ziddiyatlarni kuchaytirmoqda”, - deydi Tel-Avivda asoslangan Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.
XAMAS yuzdan ortiq isroillikni hanuz garovda ushlab turibdi. Isroil Turkiyani XAMAS bilan aloqasi uchun tanqid qilsa-da, tahlilchilar Isroil uchun bu munosabatlar foydali ekanini aytadi.
Bir necha kun oldin Isroilning “Shinbet” razvedka idorasining rahbari Turkiyada mahalliy hamkasbi bilan uchrashdi.
“Turkiya va Isroil munosabatlari matbuotda bir ko’rinishga ega, diplomatiya va xavfsizlik bo’yicha hamkorlikka kelganda boshqacha shaklga ega. Doim shunday bo’lgan”, - deydi O’zel.
Isroil ham, Turkiya ham AQShda Donald Tramp prezidentlikka saylaganini olqishlamoqda. Isroil Tramp yordamida Yaqin Sharqdagi pozitsiyasini kuchaytirmoqchi, Anqara esa ikki davlat munosabatlarini yaxshilashga umid qilmoqda.
Biroq Turkiyaning XAMAS bilan aloqasi AQShdagi yangi ma’muriyat tomonidan olqishlanmasligi va ziddiyatlarga yetaklashi mumkin.