Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil hujumlari natijasida 400 mingdan ziyod odam Livandan qo’shni Suryaga qochganini ma’lum qildi. Turkiya qochqinlarning bir qismi uning hududiga kirishini kutmoqda. Aksariyatining Suriyadagi fuqarolar urushidan Livanga qochgan suriyaliklar ekani aytiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Suriyaga Livandan yolg’iz suriyaliklar qaytayotgani yo’q, livanliklar ham chegaradan o’tyapti. Suriya chegaralarini yopishga harakat qiladi yoki qochqinlarni Turkiya chegarasi tomon yo’naltiradi. Bu odamlar uchun falokatli vaziyatga olib keladi”, - deydi Anqaradagi Qochqinlar va migrantlarni o’rganish markazidan Metin Chorabotir.
Livandan qochayotgan odamlar Suriyaning Turkiya chegarasiga yaqin shimoli-g’arbidagi lagerlarga joylashmoqda.
“Qochqinlarni qabul qilishga majburmiz, ular urushdan qochyapti, boradigan joyi yo’q. Ammo chodirlarimiz qolmadi, boshqa odam qabul qila olmaymiz”, - deydi Suriya fuqarolar urushi paytida tashkil etilgan Vashokani lagerining ma’muri Abdulrazoq Muhammad.
Turkiyaning o’zida hozir 4,5 million atrofida qochqin bor, shularning uch milliondan ziyodi suriyaliklar. Mahalliy aholi hukumatdan ularni vataniga qaytarishni talab qilmoqda.
“So’nggi ikkita saylovda qochqinlar masalasi katta munozaraga sabab bo’lgan. Muxolifat jamoatchilikda ular haqida salbiy tasavvur hosil qilishga zo’r berdi”, - deydi Chorabotir.
Qochqinlarning mamlakatga kirishiga to’siq qo’yish maqsadida Turkiya chegarada devor qurmoqda.
“Turkiya mintaqadan qochqinlarning yana bir to’lqini kelishini istamaydi, chunki iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashmoqda. Inflyatsiya jilovlandi, hatto pasayishi kutilmoqda. Qochqinlar yana kelsa, inflyatsiya ko’tarilib, jamiyatga xavf tug’diradi”, - deydi Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy izlanish jamg’armasidan Murat Aslan.