Turkiyada Liviya kelajagi yuzasidan muzokaralar

Turkiyada Liviya kelajagi yuzasidan muzokaralar

Turkiyaning Istanbul shahrida 30 davlat vakillari yig’ilib, Liviyaga qanday yordam berish mavzusini muhokama qilayapti.

AQSh, Yevropa, arab va Afrika mamlakalatlari, shuningdek, Liviya muxolifati vakillari ishtirokidagi yig’inda asosiy mavzu – moliya.

NATO harbiy kampaniyasiga ham hissa qo’shayotgan bu mamlakat va tashkilotlarning muddaosi shuki, xorijiy banklarda muzlatib qo’yilgan mablag’ni zudlik bilan Liviyaga yetkazmoq lozim. Toki siyosiy idorasini Bing’ozi shahridan poytaxt Tripoliga ko’chirgan muvaqqat rahbarlar tezroq ish boshlasin.

Energiya va suv ta’minoti, maktab va kasalxonalarni ishga tushirish, aholining gumanitar ehtiyojlari muhim ishlar sirasiga kiradi. Bularning hammasi kelasi hafta Parijda ham bafurja muhokama qilinadi.

Liviya muxolifatining siyosiy masalalar bo’yicha vakili Fatih Baja ishni boshlash uchun shu oyning o’zida 2,5 milliard dollar kerak, deydi.

Qaddafiy rejimi qo’zg’olonni bostirgach, BMT joriy yil boshida kuchli sanksiyalar joriy etgan, dunyo bo’ylab Liviya hukumatiga qarashli 150 milliard dollar mablag’ muzlatib qo’yilgan edi.

Majlisda so’zlagan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davuto’g’li xalqaro hamjamiyatni, xususan BMT Xavfsizlik Kengashini tegishli qarorlar qabul qilishga chaqirdi.

Lekin bu yuridik jihatdan o’ta murakkab masala. Kengashning doimiy a’zolari bo’lmish Rossiya va Xitoyning pozitsiyasi noaniq. Janubiy Afrikaning e’tirozi ham ishni orqaga surmoqda.

Liviyaning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi Orif Ali Nayed ayni damda mamlakatga qanday yordam kerakligini eslatib o’tdi.

“Dori-darmon, yegulik, qurilish materiallari, kommunikatsiya vositalari va hokazo. Jami 5 milliard dollarga teng favqulodda ko’mak zarur”, - deydi u.

Turkiyalik siyosatshunos Soli Ozel fikricha, pul taqsimotiga alohida e’tibor zarur.

“Qirq yillik diktatura ag’darilgani bilan bo’lajak hukumat tabiatini hozirdan bilish qiyin. Yangi rahbarlar reja va loyihalarini taqdim etsin, xalqqa xizmat qilishini isbotlasin. Shartli yordam - eng ma’qul yo’l”, - deydi tahlilchi.