Turkiya yangi rahbariyatining Suriyaga nisbatan siyosati qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Kurd askarlari Suriyaning Tal-Abyad shahri yaqinida bayrog'ini ko'tarib turibdi. 15-iyun 2015-yil

Turkiyada uzoq davr hukmron bo’lgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasining (AKP) parlament saylovlarida yetarlicha ovoz ololmagani mamlakatning Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo’llab-quvvatlash siyosatini savol ostiga qo’ydi. Muxolifat notinch qo’shniga nisbatan siyosatni o’zgartirishga chaqirmoqda.

Saylovoldi kampaniyasida muxolifat AKPni Suriya isyonchilarini qo’llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qildi. Turkiyaning Suriya bilan 900 kilometrlik chegarasini yopish kerak, qabilida da’vatlar yangradi. AKP nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro sahnada ham Suriyadagi jihodchi guruhlarning Turkiya orqali yordam olishiga chek qo’ymayotgani uchun qoralangan.

7-iyun kuni o’tgan saylovlardan so’ng g’olib partiyalar koalitsion hukumat tuzish bilan ovora. Turkiyaning “Cumhurriyet” gazetasi hamda Al-Monitor veb sahifasining diplomatik masalalar bo’yicha sharhlovchisi Semih Idiz yangi hukumat kimdan tarkib topmasin, Suriya bilan chegarani mustahkamlashga qaror qiladi, degan fikrda.

“Muxolifat partiyalar AKP hukumati masalaga qanday yondashganidan norozi bo’lib kelgan. Uzun va qisman nazorat qilinmaydigan chegara jangarilarga qo’l keldi, ular chegarani kesib o’tishda, Turkiyadagi kasalxonalarga kelishda, hatto bu yerda hordiq chiqarishda yoki odam yollashda qiynalmadi. Bu imkoniyatdan ayrilish ular uchun strategik jihatdan katta yo’qotish bo’ladi,” - deydi tahlilchi.

AKP boshchiligidagi eski hukumat Qatar va Saudiya Arabistoni bilan Suriya isyonchilarini qo’llashda hamkorlikni kuchaytirgan edi. Kuzatuvchilar fikricha, yangi hukumat hamkorlikni davom ettirishi amri mahol.

Yangi koalitsion hukumat Suriya urushiga harbiy emas, balki diplomatik yo’llar bilan yondashadi, deydi Idiz. Bu esa G’arb bilan aloqalarni yaxshilashi mumkin.

“Assadning o’zi bilan bo’lmasa ham, uning qo’li ostidagilar bilan muzokaralar olib boriladi. Baas partiyasi uchun o’tish davri beriladi. “Islomiy davlat” jangari guruhi Turkiyaning G’arbdagi hamkorlari uchun vaziyatni o’zgartirib yubordi. Ular Damashqdagi vakuumdan xavotirda, chunki bu bo’shliqni “Islomiy davlat” egallashi hech gap emas,” - deydi Idiz.

Siyosiy o’zgarishni AKPning ayrim a’zolari ham qo’llab-quvvatlashi mumkin. Ammo Suriyada kurd siyosiy kuchlariga ko’proq qudrat berish Turkiyada ham kurdlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. So’nggi oylarda AQShning Suriyaga havodan hujum qilishi yordamida bu mamlakatlar kurdlari “Islomiy davlat” ga qarshi kurashda g’alabaga erishmoqda.

Prezident Erdog’an G’arbni kurdlarni qo’llab-quvvatlayotgani uchun la’natladi.

G’arb samolyotlari arab va turkmanlarni bombardimon qildi, deydi Erdog’an. Kurd terrorchi guruhlarini quvvatlab, Amerika va uning ittifoqchilari mintaqa tinchligiga raxna solmoqda, deydi prezident.

Turkiya kurd ishchilari partiyasi (PKK) G’arbda terrorchi tashkilot deya tan olingan. Suriyadagi kurd harakatining (PYD) unga aloqasi borligi haqida iddaolar bor. Shu bois Vashington va Yevropa Ittifoqi Suriya kurdlari bilan hamkorlik qilishga shoshmayotgan edi.

Biroq so’nggi paytlarda koalitsiya qo’shinlari PYDga havodan yordamlashmoqda. Strategik ahamiyatga ega Tel-Abyad shahrining kurdlar tomonidan qo’lga kiritilishi G’arb yondashuvini o’zgartirishi mumkin. G’arb kurdlarni to’g’ridan-to’g’ri quvvatlay boshlasa, Turkiya xavotiri va qarshiligi yanada kuchayadi.