Shinjondan badarg’a qilingan uyg’urlar Yaponiyada yillik anjuman o’tkazmoqda. Muammolar haqida baralla ayta oladigan yetakchilarni tanlash – kun tartibidagi mavzulardan.
Germaniyada asoslangan Jahon uyg’urlari kongressi Xitoyning istilochilik, Shinjon uyg’ur muxtoriyatini ezish siyosatini qoralab keladi. Rasmiy Pekin esa guruhni buzg’unchilikda ayblaydi.
U 20 dan ziyod davlatdan kelgan 100 dan oshiq uyg’ur faollari bilan besh kun davomida fikr almashadi. Maqsad yangi rahnamolarni tanlab, Shinjon-uyg’ur muxtoriyati taqdiri borasida Xitoy bilan gaplashish strategiyasini aniqlash.
Robiya Qodirning so’zlariga qaraganda, Xitoy hukumatining assimilyatsiya, kichik elatlarni yirik millatlarga qorishtirish siyosati bois uyg’urlar o’zligini yo’qotish xavfi bilan yuzlashmoqda. Rasmiy Pekin, deydi u, iqtisodiy ekspluatatsiya, mahbuslarni sudsiz, tergovsiz qatl etish, uyg’ur xalqi qadriyatlarni oyoqosti qilish kabilarda aybdor.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xon Ley Yaponiyani tanqid qildi.
Jahon uyg’urlari kongressi o’zini Xitoyga qarshi qo’yib keladi, deydi rasmiy. Separatist va terrorchi tashkilot. Yaponiya uyg’urlarning bunday uyushmasiga eshiklarini ochib bergani ayanchli, deydi Xon Ley.
Uyg’ur-Amerika uyushmasi vitse-prezidenti va direktori Olim Seitoffning aytishicha, 1949-yilda kommunist Xitoy Sharqiy Turkistonni istilo qilganidan beri uyg’urlar siyosiy taqdiri havoda muallaq qolmoqda.
Seitoffning so’zlariga qaraganda, 60 yildan oshibdiki, muxtoriyat hamon quruq gap, qog’ozdagi ibora. Ayrim uyg’urlar mustaqillik va erkinlik talab qilsa, boshqalar rasmiy Pekin bilan muzokaraga moyil.
“Xitoyda siyosiy islohotlar amalga oshiriladi, inson huquqlari qadrlanadi, uyg’ur, tibetliklar haqqi tan olinib, dardimizga quloq soladigan arboblar topiladi degan umiddamiz. Siyosiy yechimlar topiladi, erkin, tinch-osuda hayot kechiriladi”, - deydi Seitoff.