Ukrainadagi mojaro sabab dunyo oziq-ovqat kamomadi bilan yuzlashishi kutilmoqda. Urushgacha Rossiya va Ukraina o’g’it va bug’doy ishlab chiqarish va eksport qilishda yetakchi mamlakatlar bo’lgan, biroq sanksiyalar tufayli Rossiya, vayron bo’lgan infratuzilmasi sabab Ukraina jahon bozoriga yetarlicha mahsulot yetkaza olmasligi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” muxbiri yaqinda Ukraina janubi-sharqidagi Zaporojye viloyatida bo’ldi. Urushdan ikki oy o’tib, rus qo’shinlari viloyatda hosildor yerlarning 85 foizini nazorat qilmoqda.
“Dalalarda hozir raketa qoldiqlarini tez-tez uchratish mumkin”, - deydi muxbirimiz Xezer Murdok.
Front chizig’idan 30 kilometr narida mehnat qilayotgan ukrainalik fermerlar zirhli kiyim kiyishga majbur. Ular urush dalaga kelmasligiga, kelasi ikki oy davomida hosilni yig’ib olishga umid qilmoqda.
“Ba’zan raketalar dalaga kelib tushadi. Boshqa dalalarga o’tib bo’lmaydi, chunki ular istilo qilingan hududlarda. Urush ishimizni qiyinlashtirdi”, - deydi qishloq xo‘jaligi muhandisi Roman Umarov.
Ukraina va Rossiyani qo’shib hisoblaganda ular jahonda bug’doyning choragini, arpa, makkajo’xori, kungaboqar yog’ining katta qismini yetishtiradi. Urush oqibatida oziq-ovqat kamomadi kuzatilmoqda, narxlar oshgan. Yaman, Efiopiya, Afg’oniston kabi mojarolarda tinkasi qurigan mamlakatlarda aholi ocharchilikka yuz tutadi, deyiladi BMT hisobotida.
Ukrainaning Zaporojye viloyatida yiliga 2,7 million tonna bug’doy yetishtiriladi, aksariyati eksportga chiqariladi, biroq bu yilgi bashorat atigi 260 ming tonna ko’rsatmoqda, hosilning bari Ukrainada qoladi.
Keyingi yili vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, chunki o’g’it, yoqilg’i, insektitsidlar hamda dehqonlarga kerakli boshqa narsalarga naqd pul bo’lmasligi mumkin.
“Kelajakdagi ekinlarga fermerlarda yetarlicha pul yo’q. Bug’doy bor, ammo sotisholmayapti. Naqd pulsiz ishlab bo’lmaydi, banklar esa cheklangan miqdordagina kredit bermoqda. Biroq hozirgi harbiy holatda hamma ehtiyotkorlik bilan ish tutishga majbur”, - deydi Zaporojye viloyat qishloq xo’jaligi idorasi rahbari Oleksandr Yasinitskiy.
Harbiy harakatlar oqibatida yirik portlar yopiq, temir yo’l tizimi so’nggi paytda muntazam hujumlarga uchrab, ishdan chiqarilmoqda. Avtomobil yo’llari orqali esa ko’p mahsulot tashib bo’lmaydi.
Ukrainaliklar eksport tugul ichki ehtiyojni qondirish muammo bo’lishini bashorat qilmoqda.
“Ertaga nima bo’lishini bilmaymiz. Rus bosqinchilari bu yerga kelsa, yerlarimizni olib qo’yishadi”, - deydi bir fermer.
Rus matbuotiga ko’ra, Rossiya qurolli kuchlari nazoratiga o’tgan ukrain hududlarida mahalliy fermerlarga faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilmoqda, biroq hosil bu safar Ukrainaga uzatilmasligi aniq.