Shveysariyaning Burgenshtok oromgohida Ukraina tashabbusi bilan ikki kunlik xalqaro tinchlik sammiti o’tkazildi. 90 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokidagi anjuman yakunida qabul qilingan bayonotni 12 ta davlat, jumladan Meksika, Armaniston, Saudiya Arabistoni va Hindiston delegatsiyalari imzolashdan bosh tortdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Saudiya Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon al-Saud tinchlik muzokaralaridan natija chiqishi uchun jarayonga Rossiyani ham jalb etish kerakligini aytdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ikkinchi sammitda Rossiya vakillari ishtirok etishi ehtimolini tilga oldi. Navbatdagi anjuman qachon bo’lishi aniq emas. Unga mezbonlik qilishga nomzodlar Saudiya Arabistoni va yana Shveysariya.
"Keyingi anjumanni AQShdagi saylovdan oldin o’tkazsak bo’ladi. Bu tashkilotchi davlatlar va yirik mamlakatlarga havola”, - deydi Shveysariya Tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis.
Kreml Burgenshtok sammitini jiddiy qabul qilmasligini bildirgan, Prezident Vladimir Putinning 14-iyun kuni tinchlik bo’yicha qilgan shartlariga ishora qilmoqda.
Unda Ukrainaga Rossiya o’ziga qo’shib olgan to’rtta viloyatdan harbiylarini olib chiqish, NATOga a’zo bo’lmaslik haqida kafolat berish kabi talablar qo’yilgan.
Ukraina va uning G’arbdagi hamkorlari Putinning shartlarini rad etdi, Rossiyani Ukraina hududiy daxlsizligini hurmat qilishga chaqirdi.
“Keyingi anjuman Rossiya ishtirokisiz o’tmasligi kerak. Dushman bilan muloqot qilish zarur. Tinchlik muzokaralarida faqat hamfikr davlatlar bo’lishi kerak emas”, - dedi Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs-Musar.
Sammitda Xitoy ham qatnashmadi.
Uning yakuniy bayonot matnida Zaporojyedagi atom elektrostansiyasi va Azov dengizi portlari nazoratini Ukrainaga qaytarish da’vatlari bitilgan. Stansiya ham, portlar ham hozir Rossiya nazoratida.
Kreml anjuman yakunini izohlarkan, uning natijasi ahamiyatsiz, tadbirning o’zi esa behuda ekanini bildirdi.
“Agar muloqot samarasi haqida gapiradigan bo’lsak, u nol. Unga obyektiv va subyektiv baho berish mumkin, ammo samara haqida gapirishga hojat yo’q. Rossiya ishtirokisiz bu kabi tadbirlarning behudaligi ayon bo’ldi. Bu haqda anjumanda qatnashgan ayrim ishtirokchilar ham fikr bildirdi”, - deydi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya rahbari 18-iyun kuni Shimoliy Koreyada bo’ladi. Putin so’nggi bor bu mamlakatga 2000-yil iyulida borgan. Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un esa o’tgan yil sentabrida Rossiyada bo’lgan.
Ayrim kuzatuvchilar tashrif chog’ida ikki tomonlama aloqalardan tashqari harbiy hamkorlikni kuchaytirish xususida ham gap ketishini taxmin qilmoqda.
Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi bergan ma’lumotga ko’ra, Pxenyan Ukrainada o’q-dori yetishmovchiligi bilan yuzlashayotgan Rossiyani yuz minglab snaryad bilan ta’minlamoqda. Putin harbiy yordamni oshirishni so’rashi kutilmoqda.