AQSh o’tgan hafta Ukrainaga qarshi sodir etilgan kiberhujumlarni qoralab, ularning ortida kim turganini aniqlashga yordam berishga so’z berdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar mahkamasi, Xavfsizlik va mudofaa kengashi, Xavfsizlik xizmati - jami 70 ga yaqin hukumat veb-sahifalari hujumga uchragan.
Ba’zilar hujum ortida Rossiya turganiga ishora qilmoqda. Bundan tashqari, Oq uyning bildirishicha, Rossiya Ukrainaga qo’shin tortishni oqlash uchun Ukraina sharqida o‘ziga ittifoqchi bo’lgan isyonchilarga qarshi hujum rejalamoqda.
“Bizdagi ma’lumotlarga ko’ra, Rossiya Ukraina sharqidagi hujum uchun bir guruh agentlarini joylashtirib bo’lgan. Shahar ichidagi janglarga tayyorlangan agentlar portlovchi moddalar bilan Rossiyaning proksi kuchlariga qarshi qo’poruvchilik harakatlarini amalga oshirmoqchi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jennifer Psaki.
O’tgan hafta Rossiyaning AQSh va NATO bilan Ukrainadagi taranglikni yumshatishga qaratilgan muzokaralari natija bermadi.
“Qo’shma Shtatlar va ittifoqchilari har qanday vaziyatga tayyor. Yaxshi niyatda diplomatik yo’ldan borishga tayyormiz, Rossiya harakatlariga javob berishga ham tayyormiz”, - dedi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.
Rossiyaning afsus bildirishicha, NATO Ukraina va Gruziya kabi mamlakatlarni alyansga qabul qilmaslikka kafolat berishdan bosh tortdi. Germaniyaning Marshall jamg’armasi tahlilchisi Maykl Kimmajning aytishicha, Qo’shma Shtatlar har qanday ssenariyga tayyor turishi kerak.
“Gap faqat diplomatiya yoki urushda emas, boshqa ssenariylar ham bor. Masalan, kiberhujumlar. Oq uy o’ndan ortiq ssenariylarni ko’rib chiqishi kerak”, - deydi ekspert.
AQSh Senatidagi demokratlar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, uning rasmiylari va bank sektoriga sanksiya qo’yishni ko’zda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi.
“Eng qattiq sanksiyalar, jumladan Rossiya prezidentiga qarshi shaxsiy sanksiyalar bo’ladi bu”, - deydi demokrat senator Ben Kardin.
Uning partiyadoshlariga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga hujumi urush jinoyatlari va keng qamrovli inson huquqlari buzilishlariga turtki beradi.
Bugun Kiyevda Ukraina rasmiylari bilan uchrashgan Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbokning aytishicha, agar Rossiya-Ukraina ziddiyatlari diplomatiya yordamida hal bo’lmasa va Moskva harbiy harakatlarni afzal ko’rsa, har bir agressiyasi unga qimmatga tushadi.
Berbok Germaniya ham o’tgan haftadagi kiberhujumlarni tergov qilishda yordam berish uchun Ukrainaga mutaxassis yuborishini bildirdi.
AQShning 7 nafar senatori bugun Ukrainaga tashrif buyurgan.