2023-yil Ukraina uchun qanday kechdi?

  • Amerika Ovozi

2023-yil Ukraina uchun qanday yakunlanmoqda? Uning yozda boshlanib, bir necha oy davom etgan qarshi hujumi samara bermadi, aksincha, Ukrainaning o’ziga qimmatga tushdi – Rossiya Kiyev saflarida yozdan beri o’lganlar va yaradorlar 159 mingga yetganini, urush boshidan beri esa 380 ming atrofida ekanini da’vo qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 26-dekabr, 2023-yil

Hech bir taraf jiddiy muvaffaqiyat qozongani yo’q. Ruslar yanvar oyida Donetsk viloyatining Soledar shahrini, may oyida Baxmutni, shu hafta boshida esa viloyatdagi yana bir shahar – Maryinkani qo’lga kiritdi.

Joriy yil fevralida AQSh Prezidenti Jo Bayden Kiyevga borib, ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiyga dalda berdi, G’arb Kiyevga harbiy yordamni to’xtatmasligini aytdi.

“Putin yordamimiz to’xtaydi deb o’ylagan, ammo hozir bunday o’ylamayapti degan fikrdaman”, - dedi o’shanda Bayden.

May oyida Xerson viloyatida Novaya Kaxovka suv to’g’oni portlatilib, katta maydonni suv bosdi. Ukraina va Rossiya bu ishda bir-birini aybladi.

Vaqt o’tgan sari G’arb qurol ta’minoti sekinlasha bordi, Ukrainaning iyun oyida boshlangan qarshi hujumiga Rossiya astoydil tayyorgarlik ko’rdi.

“Ruslar katta maydonni minalashtirdi, istehkomlar qurdi, hozir oldingiga qaraganda pozitsiyalari ancha kuchli. Ukrainaliklardan harbiy-havo salohiyati past bo’lgan paytda qarshi hujumga o’tishni so’radik”, - deydi Yevropa islohotlar markazidan Ian Bond.

Iyun oyida Rossiyaning “Vagner” xususiy guruhining yollanma askarlari isyon ko’tarib Moskvaga yurish uyushtirdi, biroq isyon muzokaralar yordamida bostirildi. Roppa-rosa ikki oydan so’ng esa “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning eng yaqin maslakdoshlari havo halokatida nobud bo’lishdi.

Noyabr oyiga borib Ukraina qurolli kuchlari qo’mondoni urush turg’un holatga tushganini aytadi, biroq Zelenskiy general Valeriy Zalujniy fikriga qo’shilmaydi va ikkisi orasida taranglik vujudga keladi.

Joriy yilda Ukraina ayrim taktik yutuqlarga erishishga muvaffaq bo’ldi. Sevastopolda Qora dengiz floti qarorgohi hujumga uchradi, Qrimda bir nechta kema, jumladan 25-dekabr kuni Feodosiyada “Novocherkassk” desant kemasi ishdan chiqarildi, o’tgan hafta Xerson viloyatida Rossiyaning uchta qiruvchi-bombardimonchi Su-34 samolyotlari urib tushirildi.

Dekabrda Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan ittifoqga a’zolik masalasida muzokara boshlashga rozi bo’ldi.

“Muzokara jarayoni oson bo’lmaydi. Muhimi biz tarixiy qarorga keldik – Ukraina hamisha umumiy Yevropa uyimiznining bir qismi bo’lib qoladi”, - dedi Zelenskiy.

Ammo tahlilchi Olga Tokaryuk Yevropa kelajagi Ukraina uchun qil ustida ekanini aytadi.

“Agar Ukraina harbiy jihatdan mag’lubiyatga uchrasa, Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo’yicha muzokaralarning sariq chaqalik ahamiyati qolmaydi. Bu nafaqat Ukraina uchun, balki Yevropa Ittifoqi va Ukrainaga qancha kerak bo’lsa, shuncha yordam berishga va’da bergan kattaroq G’arb uchun mag’lubiyat bo’ladi”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazi eksperti.

AQSh Kongressi va Yevropa Ittifoqi jami 100 milliard dollardan oshiq miqdorga teng yordamni yil oxirigacha Ukrainaga ajratishga ojizligi, AQShning e’tibori Isroil-XAMAS urushiga qaratilgani, ayrim mamlakatlarda Ukrainadagi urushdan charchoqlik kuzatilayotgani hamda Qo’shma Shtatlar saylov mavsumiga kirayotgani Ukrainaning jiddiy xavotiriga sabab bo’lmoqda.

2024-yil ham Ukraina uchun, ham uning ittifoqchilari uchun katta sinov davri bo’ladi.