Ukraina Mudofaa vaziri Stepan Poltorak deydiki, bugun sharqdagi Debaltsevo shahrida separatistlar bilan to'qnashuvlarda 30 askar jarohatlangan va o'tgan bir kun ichida 15 harbiy halok bo'lgan.
Yetti fuqaro nobud bo'lgan. Janglar hamon davom etmoqda. Bir necha kichik shahar va posyolkalar jangarilar qo'lida ekani haqida xabarlar bor lekin bu ma'lumotlar tasdiqlanmagan.
Kecha Donetsk shahrida gumanitar yordam kutib o'tirgan fuqarolardan besh nafari bomba ostida qolib o'lgan. Yana ikki kishi trolleybus nishonga olinganida halok bo'lgan. Kecha jami 12 begunoh fuqaroning yostig'i qurigan.
Donetsk shahar rahbariyati bu hujumlarda Ukraina kuchlarini ayblamoqda. Hukumat esa aybni separatistlarga ag'darmoqda.
Minskdagi muzokaralar esa bo'lginchilar uni tark etgach tugagan. O'z mahalliy hukumatlarini tuzgan bu kuchlar Kiyevni rus aholini kamsitib, millatchilik siyosati yuritayotganlikda qoralaydi.
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko separatistlarni muloqotga qaytishga chaqirmoqda. Bo'lginchilar esa Kiyevga qarshi kurashni davom ettirishini aytmoqda.
G'arb davlatlari Rossiyani bu guruhlarni quvvatlayotganlikda ayblab, unga qarshi sanksiyalarni kengaytirishi haqida ogohlantirmoqda.