BMT Bosh kotibi Nyu-Yorkda Qirg'iziston rahbari bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Nyu-Yorkda Qirg'iziston rahbari bilan uchrashdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yillik sessiyasi munosabati bilan Nyu-Yorkka tashrif buyurgan Roza Otunbayeva, Qirg'iziston prezidenti, Bosh kotib Pan Gi Mun bilan uchrashdi.

19-sentabr kuni kechgan muloqotda Pan Gi Mun Qirg'izistonda yaqinlashayotgan prezident saylovlari demokratik talablar asosida, oshkora va adolatli o'tishi lozim dedi. BMT texnik va tashkiliy ko'mak berishga tayyor.

Shuningdek, Bosh kotib O'sh va Jalol-Obodda 2010-yilning yozida yuz bergan xunrezliklar xususida so'radi. Elatlararo birdamlik va qonun-huquqqa hurmat ahamiyati haqida gapirdi.

Fojea yuzasidan tekshiruv olib borgan xalqaro komissiya BMT tomonidan ham quvvatlangan edi. Qirg'iziston siyosatchilari orasida bu komissiya xulosalariga munosabat ancha salbiy.

Finlyandiyalik arbob Kimmo Kliyunen raislik qilgan hay'at Qirg'iziston hukumatini loqaydlikda, o'z fuqarolariga taqdiriga beparvolikda ayblab, o'zbeklarga qarshi olib borilgan qonli kampaniyani genotsid, etnik qirg'inga qiyoslagan.

Pan Gi Mun fikricha bu xalqaro komissiya hisoboti inobatga olinishi va uning tavsiyalari amalga oshirilishi kerak.

BMT bu borada Qirg'izistonga yordamlashadi, deydi Bosh kotib.