Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qirg’izistonga safari davomida mamkakat prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashdi. Bishkekda “Toza jamiyat” loyihasiga bag’ishlangan xalqaro anjumanda qatnashdi.
BMTning Taraqqiyot Dasturi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ko’magida amalga oshirilajak bu loyiha elektron hukumat va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish yo’li bilan aholiga xizmat ko’rsatish sifatini keskin oshirishni ko’zda tutadi.
O’sh shahrida bosh kotib rahbariyat va mahalliy hamjamiyat vakillari bilan qisqa uchrashuvlar o’tkazdi.
Avvalroq Antoniu Guterrish Qirg’ziston janubiga 2010-yilgi O'sh voqealarini yodlash maqsadida kelayotgani aytilgandi. Ma’lumki, yetti yil muqaddam aynan shu kunlar yuz bergan millatlararo to’qnashuv yuzlab insonlarning yostig’ini quritgan, minglab uy-joylar vayron bo’lgan edi.
BMT bosh kotibining tashrifi nimasi bilan muhim? Nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda Qirg’izistonda olib borilayotgan ishlarni qanday baholash mumkin? O’lkada BMT diqqat-e’tiboriga molik qanday muammo va masalalar mavjud?
Respublika o’zbek milliy-madaniy markazining raisi Baxtiyor Fattohovning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Aytish joizki, oxirgi 7-8 yil davomida BMT bosh kotiblari Qirg’izistonga uch bor tashrif buyurishdi. Suhbatdosh nazarida, bu hol mintaqa va Qirg’izistonning xalqaro hamjamiyatdagi o’rni va mohiyatidan dalolat beradi.
“Endi diqqat-e’tibor o’z paytida qabul qilingan tavsiyalarning bajarilishi, shuningdek, yangi loyihalarning amalga oshirilishiga qaratilgani ma’qul”, - deydi Baxtiyor Fattohov.
Uningcha, BMTning mahalliy idorasi bu borada uncha faol emas. Aytaylik, xalqaro tashkilotlar boshqaruv tizimlarida turli millat vakillari ishtirok etishi muhimligini aytib kelsa-da, bu masalada siljish sezilmaydi.
Fattohov BMTning Taraqqiyot dasturi Qirg’izistonning Barqaror rivojlanish dasturini ishlab chiqishga, mahalliy o’z-o’zini boshqaruv tizimini shakllantirishga katta hissa qo’shganini ta’kidlaydi. Suhbatdoshning o’zi ham, davlat idoralari rahbari sifatida, bu ishlarda xalqaro tashkilot bilan tig’iz hamkorlik olib borgan.
Arbob deydiki, 2010-yil voqealarining sabablarini aniqlash ishlarini oxiriga yetkazish lozim. Uningcha, bu tadbir-xulosalar fojianing qayta takrorlanmasligiga o’ziga xos kafolat sifatida xizmat qiladi. Fattohov “kuzatilayotgan sovuqqonlikdan” afsus bildiradi.
BMTning Tinchlikni qurish dasturi Qirg’izistonda o’tgan yil yakun topgan bo’lib, nufuzli xalqaro tashkilotlar yaqinda davlat rahbari olg’a surgan “Taza koom” (Toza jamiyat) dasturini amalga oshirishda kerakli yordam berish maqsadini bildirgan.
Baxtiyor Fattohov deydiki, Qirg’iziston jamiyatining ajralmas qismi bo’lmish mahalliy o’zbeklar mamlakat hayotida, demokratik qadriyatlar ustun bo’lgan jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etmog’i lozim.