Your browser doesn’t support HTML5
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, hukumatlar yoshlar ovozini eshitmayapti, ularni muhim qarorlar muhokamasiga yo’latmayapti. Bu xavfli siyosat. Shu oy Jahon aholisi kuni (11-iyul) nishonlanar ekan, BMT nazarida o’smir va yoshlar rivojiga sarmoyani oshirish kerak.
Sayyorada yetti milliarddan oshiq odam bo’lsa, salkam ikki milliardi yoshlar. Katta raqam, qudratli kuchdir bu va ularni pisand qilmaslik kaltabinlik bo’ladi. Lekin ko’p davlatlarda o’smir va yosh avlod e’tibordan chetda, ularning haq-huquqlari keskin poymol qilinadi.
BMT Aholishunoslik jamg’armasi (U.N. Population Fund) hisobiga ko’ra, taxminan, 515 million o’spirin va yosh kuniga ikki dollardan kam haqqa yashaydi. Har uch davlatdan ikkitasi, deyiladi fond tahlilida, yoshlar hayotiga oid muhim qarorlar muhokamasiga yoshlarni jalb qilmaydi.
Jamg’armaning bildirishicha, yoshlar oldida muammolar talay, ayniqsa, Afrika va Osiyodagi kambag’al jamiyatlarda. Aynan shu regionda yoshlar soni nihoyatda ko’p. BMTda onalar salomatligi bo’yicha ekspert Luk de Bernis so’zlariga ko’ra, balog’atga yetgan yigit-qizlar xo’rliklar, shafqatsizliklar qurboniga aylanadi.
“O’spirin va yoshlar, ayniqsa, qizlarni jinsiy aloqaga majburlash holatlari yuqori. 16 yoshdan oldin jinsiy aloqaga kirgan qizlarning 10 foizi qo’rqitilgan, bu ishga do’q-po’pisa natijasida rozi bo’lgan. Aksariyati erta homilador bo’lib, abort qildiradi”, - deydi doktor de Bernis.
Global miqyosda, BMTning bildirishicha, har yili 15-19 yoshlar orasidagi 15 million qizning ko’zi yoriydi. Rivojlanayotgan jamiyatlarda erta nikoh, erta homilador bo’lish va tug’ish onalar o’limiga yetaklovchi asosiy omillardir.
Bundan tashqari, 10-19 yoshlar orasidagi ikki milliondan oshiq yigit-qizlar immunitet taqchilligi virusi bilan yashaydi. Kasallik, ko’pincha, majburiy jinsiy aloqa oqibatida orttiriladi.
Doktor de Bernis “Amerika Ovozi” bilan suhbatda qizlar holiga alohida to’xtaldi.
“Yillar davomida rivojlanayotgan davlatlarda ishlab ko’rdimki, yosh qizaloq, o’smir qiz hech qayerda bexatar yasholmas ekan. Hatto o’z oilasida qizlar erkin nafas olmaydi, hayotiga xavf soluvchi omillar o’sha yerda ham bor. Ko’chada ularni poylovchilar bor. Maktabda qizlar behurmat qilinsa, ular uchun alohida hojatxonalar bo’lmasa, oyog’osti qilishlar, zo’rlashlarga joy ochiladi”, - deydi u.
Doktor de Bernisning aytishicha, sog’lom, o’qimishli va omilkor yoshlar yo’qsillikni tugatishi, jamiyatlar, davlatlar taraqqiyotiga hissa qo’shishi mumkin. BMT Aholishunoslik jamg’armasi hukumatlar va fuqarolik jamiyati bilan ishlab, tushunish oson bo’lgan jinsiy ta’lim va reproduktiv salomatlik materiallarini tayyorlashda hamkorlik qilayapti.
Tashkilot, shuningdek, davlat va jamiyat rahbarlari bilan gaplashib, ularning yoshlarga munosabatini o’zgartirish, erta nikoh qurishni taqiqlatish orqali yoshlarning turmush tarzini yaxshilash harakatida.
Doktor de Bernis nazarida eskicha qarash bilan, “bu bola-ku” deb yoshlarni eshitmaslik yanglish siyosat. Hukumatlar yigit-qizlarga quloq solib, ularning fikrini inobatga olsa, hurmat qilsa, bundan davlatlar faqat foyda ko’radi.