Eron prezidenti BMT Bosh Assambleyasi minbarida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Eron-Amerika aloqalarida iliqlashuv/US-Iran UNGA

AQSh Eronning so'nggi bayonotlarini olqishlamoqda, lekin prezidentlar Nyu-Yorkda yuzma-yuz ko'rishmadi.
Hasan Ruhoniy Eron prezidenti sifatida ilk bor dunyo ahliga murojaat qildi.

"Bugun biz juda notinch bir dunyoda yashayapmiz. Tinimsiz mojarolar, qo'rqinch, dinlararo va mazhablararo nizolar... Lekin tinchlikka umid ham oz emas",- deydi Ruhoniy.

Eron, deydi prezident, kelishmovchiliklar uchiga chiqqan mintaqada tinchlik ustuni bo'lishni istaydi.

"Yurtim faqat barqarorlik tarafdori. Har bir davlat o'z siyosatini, o'z pozitsiyasini izchil o'ylagan holda belgilashi va amalga oshirishi kerak. O'zboshimchalik va o'jarlik, masalaga harbiy yechim taklif qilish bilan hech qanday muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi. Tarix, yaqin o'tmish buni qayta-qayta isbotladi",- deydi Ruhoniy.

"Jamiyatlar bir-biridan farq qiladi. Globalizatsiya deb hammaga bir nuqtai nazar bilan qarash dunyoni noto'g'ri yo'lga boshlaydi... Gegemoniyaga intilish xalqaro aloqalarda pand berishini ham insoniyat ko'p marta ko'rgan".

Eron prezidenti jahon bo'ylab islomga, xususan shia mazhabiga nisbatan salbiy fikrlash keng qanot yoygani xavotir uyg'otadi, deydi.

"Bizning islomiy tuzumimizni tahdid manbai deb atash adolatdan emas. Shuni qayd etamanki, Eron hech kim bilan urushishni yoki biror mojaroga bosh suqishni xohlamaydi",- deydi Ruhoniy.

U o'z nutqida Falastinga alohida to'xtalib, Isroilni bosqinchilikda aybladi. Falastin xalqi o'z yeri va yurtida erkin yashashga haqli, dedi u.

"Suriyadagi mojaroga nisbatan harbiy kuch qo'llash aqldan bo'lmaydi. Aytish joiz, biz kimyoviy qurollarga qa'tiyan qarshimiz va bu vositalar yo'q qilinsin, deymiz. Begunoh insonlarning qonini to'kish gunohdir. Terrorizmni ham qoralaymiz",- deydi Ruhoniy.

Prezident Bashar al-Assad o'z nazorati ostidagi kimyoviy qurollar haqidagi hisobot berib, ulardan voz kechishga tayyor ekanini Tehron olqishlamoqda.

"Dunyo urushlardan to'ygan, insoniyat tinchlikda yashashni istaydi. Shunday ekan, biz, Eron xalqi, har qanday mojaroni muzokara orqali hal etib, muammolarga sabr-toqat bilan va ongli ravishda yondashish tarafdorimiz", - deydi Ruhoniy.

"Eron muammolar hal etilishini istaydi, Eronga muammo sifatida qaramang".

Bu davlatning yadro maqsadlari azaldan shubha ostida. G'arb islomiy tuzum yashirin holda atom bombasi ustida ishlamoqda deb gumonsirab keladi.

"Eron atom programmasi faqat tinchlikni ko'zlaydi. Biz atom energiyasi va texnologiyasi ustida ter to'kayapmiz. Atom bombasi yasash maqsadimiz yo'q. Davlatimiz xalqaro hamjamiyat bilan bu borada gaplashishga, oshkora ishlashga tayyor. Konstruktiv muzokara istaymiz. Amerika bilan kelishmovchiliklarni bartaraf etishni xohlaymiz. AQSh rahbari Barak Obamaning bugungi nuqtini qunt bilan tingladim. Umid qilamanki, bu davlat uzoqni o'ylab ish ko'radi va biz bilan hurmat-izzatga asoslangan holda gaplashadi. Biz ulardan izchil yondashuv va samimiy so'zlashishni so'raymiz. Vashington bizga nisbatan harbiy chora ko'rishga shay ekanini qayta-qayta ta'kidlagan. Maqsad tinchlik bo'lsa, nima uchun bunday tahdidlar qilayapsiz? Maqsad tinchlik bo'lsa, keling, gaplashamiz. Men shu yerdan turib, butun dunyo ahlini zo'ravonlik va ektremizmga qarshi bir ovozda, bir-birimizni hurmat qilgan holda, turishga undayman. Men kelajakdan umidvorman. Bir-birimiz bilan urushish emas, yarashish va o'zaro hamjihatlik haqida o'ylaymiz degan umiddaman",- deydi Ruhoniy.

Eron prezidenti nutqi so'nggida Qur'on va Tavrotdan kalimalar keltirib, tinchlik insoniyatning eng buyuk maqsadi va orzusi ekanini eslatdi.

Amerika siyosatchilari Ruhoniyning ma'ruzasini tinglar ekan, bu davlatga ishonch yo'q, deydi.

Eron tinchlik haqida bong urib, boshqa tomondan pinhona ravishda atom dasturini kengaytirmoqda va xalqaro hamjamiyatga bu borada hisobot berishdan bosh tortmoqda, deydi Mayk Rojers, AQSh Vakillar Palatasida Razvedka masalalari bo'yicha qo'mita raisi, respublikachi kongressmen.

"Men Eronga nisbatan prezident Obamaning pozitsiyasini quvvatlayman, ya'ni Eronning niyati xolis va samimiy bo'lsa, atom programmasidan voz kechsin va yadroviy energiya sanoatini oshkora ravishda rivojlantirsin".

Vashington Eronning atom quvvati ishlab chiqarishga va ilmiy izlanishlar qilishga haqqi bor deydi. Lekin AQSh nazarida Tehron uranni boyitishga zo'ra berayotgani uning atom bombasi ustida ishlayotganidan dalolat.

Ruhoniyning nutqini quyida ingliz tilida tomosha qilish mumkin:

http://link.brightcove.com/services/player/bcpid1722935254001?bctid=2688756268001&autoStart=false&width=480&height=270