BMT Bosh Assambleyasining 79-yillik sessiyasida qatnashish uchun yakshanbadan boshlab Nyu-Yorkka dunyo rahbarlari qatnaydi. G’azo va Sudandagi vaziyat, Ukraina urushi delegatlar diqqat markazida bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Geosiyosiy bo’linishlar va keti ko’rinmayotgan mojarolarning nazoratdan chiqayotganini ko’ryapmiz. Nafaqat Ukraina, G’azo va Sudanda, balki boshqa joylarda ham”, - deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
G’azo Sektorida Isroil hujumlarida o’tgan yil oktabridan beri 41 mingdan ortiq odamning yostig’i quridi.
“Biror tarafda otashkesimga intilishni ko’rmayapman. Nazarimda, XAMAS ham, Isroil bosh vaziri ham urushning cho’zilishiga hozirlanmoqda”, - deydi Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq institutidan tahlilchi Randa Slim.
Isroil va Falastin rahbarlari Bosh Assambleyaga 26-sentabr kuni murojaat etadi. Bundan bir kun oldin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning chiqishi rejalangan.
Zelenskiy seshanba kuni Xavfsizlik Kengashida Ukraina bo’yicha bo’ladigan majlisda davlatlarni mamlakatidagi urushga yakun yasashda yordam berishga da’vat etish bilan bir paytda AQSh rahbari bilan uchrashuvi chog’ida qo’shimcha harbiy madad va uzoq masofali qurollar so’rashi kutilmoqda.
“Ukraina uchun eng katta muammo hozir Rossiyaning Ukraina sharqidagi olg’a siljishini to’xtatish. Urush taqdiri BMTda emas, jang maydonida hal bo’ladi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.
Rossiya delegatsiyasini Nyu-Yorkda Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshqaradi.
Diplomat va siyosatchilar Sudanda salkam bir yarim yildan beri davom etayotgan urush xususida ham fikr almashadi. Ko’plab xalqaro tashabbuslarga qaramay, hokimiyat talashayotgan taraflar haligacha otashkesimga kelishgani yo’q. Bu davr ichida 10 milliondan ziyod sudanlik uyidan qochishga majbur bo’ldi, xalq ocharchilik yoqasida.
Bosh Assambleya sessiyasida ilk bor Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Eron Prezidenti Masud Pezeshkian ishtirok etadi. AQSh Prezidenti Jo Bayden BMTda so’nggi bor ma’ruza qiladi.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild davlat rahbarlari xavfsizligi uchun ko’rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
“Bunga maksimal harakat qildik. Nyu-York shahar politsiyasini hamma joyda ko’rsa bo’ladi. Diplomatik xavfsizlik idorasi va Maxfiy xizmat agentlari shaharga kelayotgan davlat rahbarlari xavfsizligini ta’minlaydi”, - deydi diplomat.
Yakshanba kuni BMTda “Kelajak sammiti” o’tkaziladi. Unda iqlim o’zgarishi va sun’iy idrok tug’dirayotgan yangi tahdidlarga qarshi samarali chora ko’rish maqsadida BMTni isloh qilish muhokama etiladi.
“Ota-bobolarimiz uchun yaratilgan tizim bilan nabiralarimiz uchun kelajak qura olmaymiz”, - deydi Antoniu Guterrish.