Kongress a'zolari "Amerika Ovozi" ga bildirishicha, saylov oldidan ovoz berish tizimiga qilinayotgan kiber-xurujlar Rossiyadan kelayotganiga shubha yo'q.
“Bu Rossiyaning ishi",- deya ishonch bildiradi respublikachi senator Jon Kornin.
“Bizning mutaxassislarimiz bu borada yetarli ma'lumotga ega. Biz ham hayron emasmiz",- deydi u.
“Rossiya AQShga qarshi bunday hujumlarni birinchi bor qilayotgani yo'q. Rossiyadan hamma narsa kutsa bo'ladi",- deydi demokrat senator Ben Kardin.
AQSh saylov tizimi markazlashgan sistema emas
Rossiyalik xakerlar Arizona va Illinoys shtatlariga tegishli tizimlarni nishonga olgan. 50 shtatning hammasi ogoh tursin, deydi federal rasmiylar.
“Bular o'z ishini yaxshi biladigan xakerlar. Ular ortida hukumat turibdimi yoki boshqa tomon, jinoyatchi ekani aniq",- deydi Jey Jonson, Ichki xavfsizlik vaziri.
Jonson deydiki, ovoz berish va hisoblash sistemalari internetga ulangan emas. Natijalar har bir uchastkada alohida tahlil qilinadi. Shu bois xakerlar jarayonni buzadi deb vahima ko'tarishga hojat yo'q. Oq uy ham shuni eslatmoqda.
“Rossiyalik xakerlar nafaqat davlat bilan bog'liq tizimlarga, balki bizneslar va shaxsiy manbalarga ham hujum qilib turadi",- deydi Milliy razvedka idorasi rahbari Jeyms Klapper.
“Prezident saylovi va undan keyingi jarayonlar yuzasidan xavotir kuchli. Bunga o'rin yo'q. Biz o'zimizni himoya qilishga qodirmiz, ishoning",- deydi rasmiy.
Klapper Xitoydan ham kiber-xurujlar qilinishini qayd etar ekan, Moskva va Pekinni ayblashga shoshmaydi.
Respublikachi senator Bob Korker nazarida xakerlarning maqsadi tizimni buzish emas, odamlarni vahima solib, davlatga nisbatan ishonchini pasaytirishdir.
“Fuqarolar ovozimiz to'g'ri hisoblanmaydi deb xavotirlanishi, natijaga haqiqat deb qaramasligi mumkin. Bu ulkan zarar",- deydi senator.
Rossiya rahbari Vladimir Putin xakerlarni Kremlga bog'lash asossiz ayblov deydi.
Indiana shtatidan senator, respublikachi Den Koats AQSh hukumatini hujumlar ortida Rossiya turganini isbotlovchi ma'lumotlarni oshkor etishga undamoqda.
Demokrat senator Ben Kardin fikricha, bunday nozik ishlarni kuchli quvvatlovsiz qilish mumkin emas. Rossiya albatta buni tan olmaydi, deydi u.