Qishloq xo’jaligi sohasida yangi, genetik jihatdan o’zgartirilgan modda sotuvga chiqish arafasida. Uning yordamida begona o’tlarni yo’q qilish osonlashadi.
Ammo tanqidchilar va tabiat muhofazasi tashkilotlari doriga chidamli hozirgi begona o’tlar bundan oldin ishlatilgan moddalar mahsuli, deb gerbitsidlardan voz kechishga da’vat etmoqda.
1990-yillar o’rtalarida AQShning “Monsanto” kompaniyasi genetik jihatdan o’zgartirilgan shunday urug’lar yaratdiki, begona o’tlarni yo’qotishda keng qo’llaniladigan dori, ya’ni gerbitsid, ularga umuman ta’sir etmaydi. Bu dorining nomi “Raundap” (Roundup).
Your browser doesn’t support HTML5
Ammo tanqidchilar va tabiat muhofazasi tashkilotlari doriga chidamli hozirgi begona o’tlar bundan oldin ishlatilgan moddalar mahsuli, deb gerbitsidlardan voz kechishga da’vat etmoqda.
1990-yillar o’rtalarida AQShning “Monsanto” kompaniyasi genetik jihatdan o’zgartirilgan shunday urug’lar yaratdiki, begona o’tlarni yo’qotishda keng qo’llaniladigan dori, ya’ni gerbitsid, ularga umuman ta’sir etmaydi. Bu dorining nomi “Raundap” (Roundup).
“Qishloq xo’jaligi uchun bu tarixiy hodisa edi”, - deydi yovvoyi o’tlar bo’yicha mutaxassis Stenli Kalpepper. “Dehqonning eng azaliy orzusi amalga oshdi”.
“Dunyodagi eng zo’r, samarali, arzon va tabiat uchun bezarar dorini ekinning ustiga sepib chiqasiz. Hosilga ziyoni yo’q. O’sha davrda bu misli ko’rilmagan kashfiyot edi”, - deydi u.
Amerika qishloq xo’jaligida kimyoviy dorilarga chidamli ekinlar tez tarqaldi. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor edi, deydi Kalpepper.
“Bu bizni ma’lum ma’noda dangasa qilib qo’ydi”.
Fermerlar yovvoyi o’tlardan qutulish uchun “Monsanto”ning “Raundap” dorisidan boshqa narsani ishlatmay qo’ydi. U dalalarda qayta-qayta, har bir mavsumda sepiladigan bo’ldi.
Oradan ko’p o’tmay, begona o’tlar bu gerbitsidga moslashdi.
“Bezovta olimlar birlashmasi” nomli tabiatparvar guruh a’zosi Dag Gurian-Sherman fikricha, amaliyot bunday natijaga olib kelgani tabiiy.
“Charls Darvin nazariyasining yaqqol misoli bu, - deydi u, - muayyan kimyoviy moddani qancha ko’p va muntazam ishlatsangiz, muammo shuncha chuqur va murakkab tus oladi”.
Haqiqatdan ham 2012-yilda amerikalik fermerlarning yarmidan ko’pi o’z dalalarida “Raundap” dorisiga qarshilik ko’rsata oladigan yovvoyi o’tlar o’sayotganidan shikoyat qilgan. Kamida 24 million gektar yer zararlangan edi, ya’ni 2010-yildagi ko’rsatkichdan ikki baravar ko’p.
Endi esa “Dau Agrosayens” (Dow AgroScience) nomli biotexnologiya kompaniyasi muammoga yechim bor, deb chiqmoqda. Ular laboratoriyada yetishtirgan yangi urug’ “Raudnup” dorisiga ham, undan avval ishlatilgan 2,4-D nomli gerbitsidga ham chidamli. AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi kashfiyotni shartli ravishda tasdiqlagan.
Ekologik tashkilotlar yangi urug’ sotuvga chiqsa, 2,4-D moddasini ishlatish hollari yanada ko’payishidan xavotirda. Ayrim tadqiqotlar xulosasiga ko’ra, bu moddalar saraton kasalligini qo’zg’atishi, organizmda gormonlarni ishdan chiqarib, genetik mutatsiyalarga sabab bo’lishi mumkin.
Olim Gurian-Shermanning aytishicha, “Raundap” va boshqa gerbitsidlar inson salomatligiga zararsiz, degan maqtovlar puch bo’lib chiqdi.
Ammo 2,4-D moddasini xavfsiz deb topgan tadqiqotlar ham o’tkazilgan. Fermerlarga kelsak, bu dori dalaga sepilganida shamol bilan qo’shni maydonlarga uchib o’tib, hosillarni nobud qilayotganidan shikoyat qilmoqda ular.
Agronom Jek Royal aksariyat dehqonlar ehtiyotkorlikni birinchi o’ringa qo’yishini aytadi, lekin hammasi emas. “Ayrimlar kuchli shamol esib turganida ham dalaga gerbitsid sepadi. Oqibatda, masalan, yong’oq daraxtlari nobud bo’lishi mumkin”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar genetik jihatdan o’zgartirilgan mahsulotlarni yetishtirish va sotish bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinni egallaydi. Har qanday yangi mahsulot ikki-uch boshqarma tekshiruvidan o’tsagina bozorga chiqadi.
Ayni damda ko’pgina fermerlar ekinni begona o’tlardan asrashning dorisiz usullariga o’tishni ma’qul ko’rmoqda. Gurian-Sherman fikricha ham kimyoviy moddalarni keng qo’llashdan voz kechib, aynan shunday xavfsiz amaliyotlarga o’tgan ma’qul.
“Oddiygina uslublar yaxshi samara berishini isbotlovchi juda ko’p tadqiqotlar o’tkazilgan. Faqat ishga sabr-toqat bilan, hafsala bilan yondashish kerak. Shunda hosil ham barakali bo’ladi”, - deydi olim.
“Dau Agrosayens” kompaniyasi yetishtirgan yangi urug’ hali tekshiruvdan o’tmagan. Tegishli idoralar shu yil oxiriga qadar o’z xulosasini bildirishi kutilmoqda.