Your browser doesn’t support HTML5
Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Amerikada xudoga ishonmaydiganlar aholining 6 foizini tashkil etadi. Ammo Kongressda ular o’z vakiliga ega emas.
Ateist va gumanistlar siyosatda faolroq bo’lish uchun yaqinda o’zining siyosiy guruhini tuzdi.
Kongress a’zolari Andre Karson va Kit Ellison – musulmonlar. Tulsi Gabbard – hindu. Senator Meyzi Hirono esa buddist. Ammo Kongressdagi 535 qonunchi orasida o’zini ateist deb ataydigani yo’q.
Erkin Fikr Tenglik jamg’armasi tuzilishiga ana shu sabab bo’ldi. Tashkilot direktori Roy Spekhard so’zlariga ko’ra, xudo borligini savolga tutadigan odamlar hozir AQShda yahudiylar, musulmonlar va mormonlardan ham ko’p.
“Amerikadagi ozchilikdagi guruhlarning yirigimiz. Lekin siyosatchilarga qarab buni bilish qiyin”, - deydi u.
Jamg’arma dunyoviy g’oyalarni yoqlovchi nomzodlarga madad ko’rsatadi. Nyu-Jersi shtatidan demokrat Rash Xolt bir misol. U evolyutsiya nazariyasi muallifi Charlz Darvinni yod etishni so’rab, Kongressga murojaat qilgan.
Amerika gumanistlar uyushmasi vakili Meggi Ardiente Kongressda skeptiklar borligiga ishonadi.
“Ateistlar va gumanistlarga, xudoga ishonmaydigan odamlarga yomon ko’z bilan qarash bor narsa. Dahriylardan yaxshilik chiqmaydi, ularni saylab bo’lmaydi, degan yanglish tasavvur keng tarqalgan”, - deydi u.
Tadqiqotchi Robert Jouns buning sababini quyidagicha tushuntiradi.
“Amerikada ateizm so’zi o’zining qora tarixiga ega. Sovuq urush davrida u kommunizm bilan qiyoslangan. Haligacha jamiyatda ezgulik iymon bilan o’lchanadi”.
U yoki bu nomzodga baho berayotganda ko’pchilik amerikaliklar “u xudojo’ymi yoki yo’q” deb albatta so’raydi. Ovoz berayotganda ular uchun bu katta ahamiyatga ega.
Siyosatchilar buni juda yaxshi biladi.
Ammo 30 yoshgacha bo’lgan amerikaliklarning uchdan biri o’zini dahriy deb bilar ekan, siyosatda e’tiqodning yuksak o’rni sekin-asta o’zgarib borishi turgan gap.