Qo’shma Shtatlar Eronning Busher atom reaktoriga qarshi emas. Davlat kotibasi Xillari Klinton shunday bayonot bilan chiqqan. Bu yadro zavodida ishlatiladigan uran yonilg’isi Rossiyadan olinadi va unga qaytariladi.
Amerika nazarida Busherdagi zavod xalqaro talablarga javob beradi va xavotirga o’rin yo’q.
Bu inshoot islomiy inqilobdan oldin Germaniya tomonidan qurila boshagan. Keyin esa loyiha Rossiya qo’liga topshirilgan.
Reaktorni boyitilgan uran bilan ham shu davlat ta’minlaydi. Modda ishlatib bo’lingach, bitimga binoan yana Rossiyaga qaytariladi. Zavod 2011 yilning fevralida to’liq faoliyat yurita boshlashi kutilmoqda.
“Busher, bizning fikrimicha, global tinchlikka xavf solmaydi, chunki u haqiqatda yadroviy energiya ishlab chiqarishni ko’zlaydi”,- deydi Xillari Klinton.
“Eron bilan bu borada uzoq yillardan beri hamkorlik qilayotgan Rossiyaning so’ziga ishonamiz. Biz Busherga emas, Natanz, Qom va boshqa joylardagi maxfiy loyihalarga qarshimiz. Atom quroli ustida ishlar ana shu inshootlarda olib borilmoqda”, - deydi Davlat kotibasi.
Vashington BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya Eron bilan yaqin kunlarda muzokara boshlaydi degan umidda.
Rasmiylarning aytishicha, Eron BMT qo’ygan sanksiyalar ta’sirini seza boshlagan va murosa qilishi mumkinligi haqida so’z ochgan. Tehron, asosan, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bilan gaplashmoqda.