Inqiroz amerikaliklarga shukur qilib yashashni o’rgatdi

  • Amerika Ovozi

Odamlarga bepul oziq-ovqat tarqatadigan tashkilotlar ko'p

Uysiz qolganlarga boshpana berish, och-nahorlar qornini to’ydirish, kasallar dardini olish… Amerikada bu nafaqat hukumat, balki xayriya tashkilotlari yelkasidagi vazifa. Ammo iqtisodiy inqiroz boshlanganidan buyon bu muassasalarning ahvoli ham ancha og’irlashdi.

Jameka Asher va uning to’rt farzandi yaqinda boshpanasiz qoldi. Aprel oyida qarzlari uchun uyidan haydab chiqarildi va shundan buyon “Xaloskorlik Armiyasi” deb nomlangan yirik xayriya tashkiloti ajratgan xonada yashamoqda.

“Faqat men emas uysiz qolgan, balki to’rt farzandim ham. Juda qo’rqincli narsa ekan bu. Dardimni kimga aytishni bilmadim”,- deydi Asher.

"Xaloskorlik Armiyasi" Amerikadagi eng yirik xayriya tashkilotlaridan biri

Tennessi shtatining Neshvil shahrida so’nggi ikki yil ichida tashkilotdan yordam so’rab kelayotganlar soni to’rt barobar ko’paygan.

“Xaloskorlik Armiyasi”da 45 yildan beri xizmat qilayotgan podpolkovnik Charlz Uayt ahvol juda og’ir deydi.

“Tunov kuni ishxonamga bir odam kelib, “men bu yerdaligimdan xijolatdaman, chunki ilgari “Xaloskorlik Armiyasi”ga o’zim mablag’ ajratar edim. Endi esa undan madad izlab keldim”, deb aytdi”.

Xayriya tashkilotlariga murojaat qilayotganlar kun sayin oshib bormoqda. Ammo ularga ajratilayotgan mablag’ hajmi kamaymoqda. Masalan, Neshvil shahrida madad yaqinda 400 ming dollarga ozaydi.

Jameka Asher va uning to'rt farzandi endi uysiz.

“Byudjet masalasi chatoq, buni tushunamiz, ammo oddiy odamlar, “Xaloskorlik Armiyasi”dan boshqa boradigan joyi bo’lmaganlar haqida kim qayg’uradi endi?" - deydi Uayt.

Tennessida beva-bechoralarga yordam qo’lini cho’zgan yana bir xayriya tashkiloti “Ikkinchi hosil” deb ataladi. U yiliga 400 ming odamga bepul ovqat ulashadi. Bu yerga murojaat qiladiganlar soni ham ancha ko’paygan. Mablag’ esa kam, deydi tashkilot vakili Tasha Kennard.

”Federal va shtat byudjetidan ajratiladigan mablag’ oz. Yirik donorlar ham bundan buyon pul ajrata olmasligi mumkin”.

Boshpanasiz qolganlarning o’zi ahvoliga turlicha yondashadi. Ayrimlari berilayotgan yordamga qarab o’tirmasdan, taqdirini o’z qo’liga olishga tayyor, ozgina yordam bo’lsa bas.

Mana hikoyamiz qahramoni, to’rt farzand onasi Jameka Asher moliyaviy menejment bo’yicha o’quv kurslariga qatnayapti. Bolalariga ham bu o’zgarishlar ijobiy ta’sir qilganini aytadi.

”Ular boriga shukur qilishni o’rgandi… Sabr-toqat nimaligini tushundi,” - deydi ona.