Xitoy, Amerika hamkorlikni mustahkamlash uchun nima qilishi kerak?

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama hamda Xitoy prezidenti Hu Jintao Seuldagi yadro xavfsizligiga bag'ishlangan sammitda. Seul, 27-mart, 2012-yil.

Ikki taniqli olimning ogohlantirishicha, Xitoy-Amerika muloqoti jadal kechayotgan bo’lsa-da, orada ishonch yo’q va bu jarlik tobora kengayib bormoqda.

Munosabatlarning buguni va istiqboliga doir yangi hisobotni prezident Bill Klinton davrida Davlat xavfsizligi idorasida Osiyo bo’yicha mas’ul bo’lgan Kennet Libertal va Pekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi dekani, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’muri Vang Jisi tayyorladi.

Vashingtondagi nufuzli Brukings instituti nashr etgan hujjatga ko’ra, yaqin bir necha o’n yilda Amerika va Xitoy eng muhim, jahon tizginini tuzgan davlatlar bo’lib qoladi. Lekin uzoq muddatli rejalar masalasiga kelganda Vashington va Pekin bir-biriga ishonmaydi. Bu azaliy shubha-gumon bois dunyo kelajagi ham mavhum.

Pekindagi “Xitoy siyosati” (China Policy) tadqiqot firmasi rahbari Devid Kelli “Amerika Ovozi” bilan suhbatda hisobot chiqqani katta gap, deydi.

“Ikki davlatning ko’zga ko’ringan mutaxassisi birgalashib izlangani yomon emas! Bunaqasi kamdan-kam bo’ladi. O’zini boshqaning o’rniga qo’yib o’ylash deyiladi bu. Shu kabi ishlarning debochasi deb o’ylayman”, - deydi tahlilchi.

Muallif Vang izohicha, rasmiy Pekin AQShni yetakchilikni boy berayotgan davlat deb biladi; Vashinton o’sib kelayotgan yangi kuchlar - Hindiston, Braziliya, Rossiya va Janubiy Afrika oldida ortga tisarilib bormoqda.

Vangning aytishicha, Xitoy o’zining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotni markazdan boshqarish modelini G’arb demokratiyasi va bozor iqtisodiga muqobil yo’l sifatida ko’radi. Rasmiy Pekin xavotiri shuki, Amerika huquq va demokratiya bayrog’i ostida Xitoy tinchi, taraqqiyotiga to’sqinlik qilishi hech gapmas, deydi mutaxassis.

Muallif Libertal o’z navbatida Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan konstruktiv, uzoq muloqot olib borish tarafdori ekanini eslatadi. Ammo Xitoyning beqaror xatti-harakati bunga yo’l bermayapti, deydi u.

AQSh Xitoyni nafaqat demokratiyani bo'g'ishda, balki milliy valyutasi yuan qadrini sun'iy ushlab turishda ham ayblaydi.

Libertal ta’biricha, Xitoy oradagi aloqalarni raqobat deb biladi, ya’ni bir tomon yutsa, ikkinchi tomon yutqazadi. Bunga javoban, AQSh o’z manfaatlarini himoya qilishga, Osiyodagi ittifoqchilari bilan rishtani mustahkamlashga o’tgan, deydi mutaxassis. AQSh nazarida Xitoydagi bir partiyaviy tizim shaffof emas va ishonch haqida gapirish qiyin.

Xitoy bo’yicha ekspert Deyvid Kellining aytishicha:

“Xitoy uchun Amerika juda muhim. Pekin dunyoni AQSh va Xitoy o’rtasidagi raqobat maydoni deb ko’radi. Lekin Vashingtonning boshqa tashvishlari ko’p, Yaqin Sharq bir misol. Oxirgi o’n yil Amerika, asosan, Yaqin Sharq bilan band bo’ldi”, - deydi Kelli.

O’zaro ishonchni oshirish uchun hisobot mualliflari qator tavsiyalar bermoqda.

Xususan, hududda joylashgan harbiy kuchlar borasida muntazam dialog o’tkazish. Toki Xitoy o’z xavfsizligini himoya qila olsin, AQSh mintaqadagi ittifoqdosh davlatlarga harbiy yordam bera olsin.

Iqtisodiy jabhada, deydi ular, Amerika Xitoy sarmoyasining kengroq kirib kelishini olqishlashi va Xitoyga Amerika texnologiyasini uzatishga qo’yilgan cheklovlarni qayta ko’rib chiqishi lozim. Bunga javoban, Xitoy siyosiy tizimini shaffofroq qilib, oshkora ishlashi darkor.

Tomonlar ikki tomonlama sarmoya bitimi yuzasidan ham tezroq gaplashsa, ma’qul bo’lar edi, deydi mutaxassislar.