AQSh yaxlit Xitoy siyosatidan voz kechmagan holda Tayvan bilan aloqalarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi vakili Mark Takano Tayvan Prezidenti Tsay Inven bilan Taybeyda ko'rishmoqda

AQSh Tayvanning Xitoydan mustaqilligini himoya qilishga intilar ekan, joriy yilda respublikachi va demokrat senatorlar orolga bir necha bor safar qildi, ikki davlat hukumatlari o’rtasida savdo va sarmoyaga doir muloqot kuchaydi. AQSh eng yirik 10 ta savdo hamkorlaridan biri bilan iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirmoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-dekabr, 2021-yil

“AQSh va Tayvan uchun muhim bo’lgan ko’plab mavzularni muhokama qilyapmiz. Xususan, ta’minot zanjiridagi muammolar, iqtisodiy tahdidlar, fan va texnika bobidagi almashinuvlar, xalqlarimiz o’rtasidagi aloqalarni va iqtisodiy sheriklikni kuchaytirishni”, - deydi AQSh davlat kotibining o’rinbosari Xose Fernandes.

Dunyoda mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya Tayvanda joylashgan bo’lib, ko’plar Tayvan demokratiyasining umrini AQSh ta’minot zanjiri xavfsizligi bilan bog’laydi.

“Tayvan erkin va ochiq bozor. Demokratik siyosiy tizimga, mo’tadil biznes muhitga ega. Shu ma’noda Tayvanning erkin va demokratik bo’lishi iqtisodiy jihatdan AQSh uchun muhimdir. Keng ma’noda esa Amerikaning ta’minot zanjiri xavfsizligi uchun muhim”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro aloqalar markazidan Set Jouns.

O’tgan oy AQSh va Xitoy prezidentlarining virtual sammiti ketidan Oq uy Tayvanni “Demokratiya sammiti”ga taklif qildi. Pekin bunga keskin norozilik bildirdi.

“AQShning bu ishi “demokratiya” deb atalayotgan narsaning faqat oʻz geosiyosiy maqsadlariga erishish, boshqa davlatlarni bostirish, dunyoni boʻlish, oʻz manfaatlariga xizmat qilish va dunyoda gegemonligini saqlab qolish uchun bir bahona va vosita ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Chjao Litzyan.

Pekin Tayvanni o’z hududi deb biladi, Taybey esa orolni suveren davlat deb hisoblaydi. Tahlilchilarga ko’ra, Bayden ma’muriyatining bu masaladagi pozitsiyasi AQShning uzoq yillik siyosatini aks etadi.

“AQSh Tayvanni demokratiya deb tan olgan holda “yaxlit Xitoy” siyosatini qo’llab-quvvatlashda davom etishi mumkin”, - deydi yana bir vashingtonlik tahlilchi, “RAND korporatsiyasi”dan Derek Grossman.

Unga ko’ra, Bayden ma’muriyati ham, undan oldin ishlagan Tramp ma’muriyati ham nafaqat Xitoy yaxlitligini tan oluvchi uchta bayonot, balki Tayvanga xavfsizlik kafolatlarini beruvchi hujjatlarga ham urg’u bergan.

Xitoyning orolga do’q-po’pisalari kuchayar ekan, Tayvan mudofaa salohiyatini oshirishga kirishdi. Qo’shma Shtatlar 1979-yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, Xitoy bilan rasmiy aloqa o’rnatganiga qaramay, “Tayvan bilan aloqalar” haqidagi qonuniga asosan orolga qurol sotishda davom etmoqda.

Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivanning aytishicha, Xitoy Tayvanni kuch bilan o’ziga qo’shib olmasligi uchun AQSh zarur diplomatik va Pekinni bu rejadan qaytarishga qaratilgan choralarni ko’rmoqda.