AQSh-Xitoy aloqalari tarang bir paytda Tayvan bo'yicha muloqot qiyinlashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh va Xitoy mudofaa vazirlarining Singapurdagi uchrashuvi

Bugun Singapurda Osiyo xavfsizligiga doir an’anaviy “Shangri-La muloqoti” boshlandi. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin anjuman doirasida xitoylik hamkasbi bilan uchrashdi. Vey Fenxening aytishicha, ikki vazirning ilk uchrashuvi yaxshi o’tgan, taraflar Tayvan masalasini muhokama etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-iyun, 2022-yil


Anjuman ikki davlat aloqalari taranglashgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. O’tgan oy oxirida Prezident Jo Baydenning Osiyoga safari paytida Xitoy va Rossiya harbiy samolyotlari Osiyoda Amerikaga ittifoqchi bo’lgan mamlakatlar havo sarhadlari yonidan uchib o’tdi.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi AQSh-Xitoy tafovutini yanada kuchaytirdi. Xitoy Rossiya urushini qo’llab-quvvatlamagan bo’lsa-da, Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga zo’r berdi.

Masalan, bugun Rossiya va Xitoy o’rtasida ilk ko’prik ishga tushdi. Bir kilometrlik ko’prik yuk mashinalari uchun mo’ljallangan.

Ikki davlat hamkorligi Vashington xavotiriga sabab bo’lmoqda.

“Xitoy o’ta agressiv mamlakat bilan do’st bo’lyapti. AQSh Xitoy Tayvandagi vaziyatga ham shunday yondashmoqchi ekanidan, o’z maqsadlariga erishishda kuch qo’llamoqchi ekanidan xavotirda”, - deydi Pentagondagi sobiq rasmiy Jozef Bosko.

Pekin Tayvanni o’z hududining bir qismi deb biladi va kuch bilan uni bosib olishga do’q-po’pisa qilgan.

Xitoy Tayvanga hujum qilgan taqdirda Bayden uni himoya qilamiz deya va’da bergan. Bu esa ikki yirik davlat to’qnashuviga olib kelishi mumkin.

Kuzatuvchilar AQSh va Xitoy mudofaa vazirlarining muloqotidan foyda bo’lishiga ishonmaydi.

“Ikki qudratli mamlakatning Tayvan masalasiga yondashuvi keskin farq qiladi”, - deydi Singapur milliy universiteti siyosiy tadqiqotchisi Lim Tay Vey.

So’nggi paytda AQSh ham, Xitoy ham mintaqada tez-tez harbiy qudratini ko’z-ko’z qilmoqda. Kuzatuvchilar yirik mojaro ehtimolidan xavotirda.

“Mintaqadagi ko’p davlatlar bu kabi murakkab masalani hal qilishning iloji yo’qligini bilib, haroratning kamayishini, muloqotga zamin yaratuvchi umumiy nuqtalarga kelishishni istaydi”, - deydi singapurlik ekspert.

AQSh va Xitoy, masalan, iqlim o’zgarishi, Shimoliy Koreya yadro dasturi bo’yicha hamkorlik qilishi mumkin, biroq ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi turishida hamkorlik uchun imkoniyat qisqarmoqda.